Aprel oyida Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi Orolboʻyi hududiga tashrif buyuradi

11:13 01 Aprel 2019 Jamiyat
512 0

Yaqinda Oʻzbekiston delegatsiyasi Jenevada oʻtkazilgan BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YEIK) ning barqaror rivojlanishi boʻyicha mintaqaviy forumida ishtirok etdi. Asosiy masalalardan biri Orol dengizi mintaqasi hududidagi iqlim muammosi, shuningdek, Orolboʻyi hududi uchun moliyaviy va texnik yordam resurslarini Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida trast fondiga (KTSHTF) jalb qilish boʻldi. Mazkur tadbir doirasida BMTning Jenevadagi idorasida roʻyxatdan oʻtgan jurnalistlar uchun Madaniyat saroyida, KTIJning dasturi, maqsad va vazifalari toʻgʻrisida alohida matbuot anjumani oʻtkazildi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi PR markazi xabar berdi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston delegatsiyasi BMT agentliklari rahbarlari, xususan Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST), Jahon intellektual mulk tashkiloti (JIMT), YUNЕPning Yevropa boʻyicha mintaqaviy vakolatxonasi, Shvetsiya Tashqi ishlar vazirligining Global kun tartibi boʻlimi hamda Orol dengizi mintaqasida KTSHTF bilan hamkorlik qilish masalasi boʻyicha Finlandiya taʼlim va xalqaro madaniy aloqalar vazirligi bilan alohida uchrashuvlar oʻtkazdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ixtisoslashtirilgan tuzilmalarni tashkil etishni kuchaytirish hamda Orol dengizining trast fondi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun masʼul ekspertlar va vakillarni tayinlash zarurligini bir ovozdan maʼqullashdi. JSSTning KTSHTF Boshqaruv qoʻmitasiga aʼzo boʻlish uchun BMTning shtab-kvartirasi bilan maʼmuriy bitim imzolash masalasi ilgari surildi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston delegatsiyasining aʼzolari Jenevada boʻlib oʻtadigan Savdoni rivojlantirish boʻyicha yuqori darajadagi seminarda hamda Ashxobodda oʻtkaziladigan BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti boʻyicha maxsus dasturi (MOIMD) qatnashchilari uchun tashkil etilgan iqtisodiy forumga taklif qilindi. Shuningdek, 2021 yilda Toshkentda MOIMD doirasida Yevropa hamkorlarining taklifiga binoan, savdoni osonlashtirish boʻyicha mintaqaviy anjuman oʻtkazish taklifi ham koʻrib chiqiladi.

Tashrif davomida delegatsiya Bryusselga bordi va u yerda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili P.Burian, shuningdek, Yevropa tashqi ishlar xizmati, Yevropa investitsiya banki hamda Belgiya Tashqi ishlar vazirligi vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvlar chogʻida Yevropa Ittifoqi va Belgiya vakillari Oʻzbekiston va BMTning Fond tashkil etish boʻyicha tashabbusini qoʻllab-quvvatlashlarini hamda Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlarini kamaytirish borasida uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishlarini maʼlum qildi.

Aynan shu maqsadda YEI delegatsiyasi aprel oyining boshida Oʻzbekiston ehtiyojlarini oʻrganish va Yevropa Ittifoqi institutlari hamda aʼzo mamlakatlarga ushbu yoʻnalishda oʻzbek tomoni bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari toʻgʻrisida tavsiyalar tayyorlash uchun Orolboʻyi hududiga tashrif buyuradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?