Apple yana dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylandi

21:57 01 Avgust 2020 Dunyo
243 0

Apple yana dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylandi. AQSH kompaniyasining kapitallashuvi aksiyalari narxi oshishi ortida 1,77 trln dollarga yetgan. Kompaniya bu koʻrsatkich boʻyicha Saudiya Arabistonining bungacha dunyoning eng qimmat kompaniyasi boʻlib kelayotgan Saudi Aramco neft kompaniyasidan oʻzib ketdi.

Oxirgi birja savdolari maʼlumotlariga koʻra, Apple aksiyalari narxi 6,51 foizga oshib, bir donasi uchun 409,81 dollarga yetgan.

“Saudi Aramco”ning ayni vaqtdagi kapitallashuvi esa taxminan 1,76 trln dollarni tashkil qilmoqda.

Saudiya Arabistoni kompaniyasi 2019-yil dekabrda IPO oʻtkazgandan keyin deyarli 2 trln dollarga baholanayotgandi. Oʻshanda “Apple”ning bozor narxi 1,2 trln dollarga baholangan. Buning natijasida Saudi Aramco dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylanib, "Apple"ni 2-oʻringa tushirib yuborgandi. 31-iyulda esa AQSH kompaniyasi kapitallashuvi boʻyicha birinchi marta arab kompaniyasidan oʻzib ketdi.

Apple 1976-yilda tashkil etilgan boʻlib, planshetlar, kompyuterlar, audiopleyerlar, telefonlar, “aqlli” soatlar va dasturiy taʼminot ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi.

Saudi Aramco Saudiya Arabistonining milliy neft kompaniyasi boʻlib, 1933-yilda tashkil etilgan. Kompaniya podshohlikdagi deyarli butun neft sohasini nazorat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?