Apple: kuzgi taqdimotda iPhone 12 yoʻq, ammo qonda kislorod miqdorini oʻlchab beradigan “smart” soat bor

16:02 16 Sentyabr 2020 Dunyo
111 0

Apple kompaniyasi yangi mahsulotlarining anʼanaviy kuzgi taqdimotini oʻtkazdi. Eʼtiborlisi, ushbu brend uzoq yillardan beri birinchi marta yangi iPhone turini namoyish etmadi. Shunday boʻlsada, qondagi kislorod darajasini nazorat qilishga qodir “aqlli” soatlarning yangi modelini bozorga chiqarayotganini maʼlum qildi. Bu haqda Bi-bi-si xabar berdi.

Aslida soʻnggi yillarda Apple vakillari aynan joriy yil sentyabr oyidagi taqdimotga oʻzining eng muvaffaqiyatli mahsuloti — yangi rusumdagi ayfoni bilan tashrif buyurishini aytib kelayotgandi. Unga qiziqish ham shunga yarasha edi.

Ammo koronavirus pandemiyasi tufayli iPhone 12ni chiqarish muddati keyinga qoldirildi.

Apple Watch Series 6ga keladigan boʻlsak, unga, aytib oʻtganimizdek, qonda kislorod darajasini nazorat qilish uchun sensor oʻrnatilgan.

Maʼlumki, aynan qonda kislorod miqdorining keskin tushib ketishi koronavirusga chalingan bemorlar sogʻligʻining birdan yomonlashishiga olib keladi. Bu esa oʻpkaning zararlangani bilan bogʻliq.

Kompaniya mutasaddilarining taʼkidlashlaricha, soatdagi yangi funksiya kasallikni erta bosqichlarda aniqlash imkonini beradi. Biroq sensor tibbiy maqsadlarda foydalanish uchun moʻljallanmagani ham aytib oʻtildi.

Apple Fitness+ nomi ostida yana bir yangi pulli servisni ham taqdim etdi. U iWatch qabul qiladigan biometrik maʼlumotlardan foydalanishi, ularni mashgʻulot videosi bilan birgalikda katta displey yoki televizorda koʻrsatishi mumkin.

Shuningdek, yangi iPad Air ham koʻpchilikning eʼtiborini tortgan. Ushbu qurilmaga A14 yangi avlod protsessori qoʻyilgan. Kompaniya xabariga koʻra, mazkur aypad katta quvvatga ega hamda juda energiyatejamkordir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?