Apelsin, mandarin hamda limonning ko‘z va xotiraga ta’siri qanday?

18:04 08 Avgust 2018 Lifestyle
470 0

Avstraliyalik olimlar kuniga juda bo‘lmaganda bir porsiya apelsin iste’mol qiladiganlarda keksalikda ko‘rish layoqati yo‘qolish xavfi pasayishini aniqlashdi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu odatni kuniga kanda qilmaydiganlarda qariganda sariq dog‘ degeneratsiyasi rivojlanish xatari 60 foiz kamayar ekan. Bu haqda The Westmead Institute saytida xabar berildi.

Tadqiqotchilar 15 yil davomida yoshi 50 dan o‘tgan 2000 nafar avstraliyalikni kuzatib borishdi. Bundan ko‘zlangan maqsad flavonoid(tabiiy biofaol birikma)larning ko‘z salomatligiga ta’sirini o‘rganish edi.

Ma’lumot uchun, sariq dog‘ degeneratsiyasi katta yoshli insonlarda ko‘rish layoqatining yo‘qolishiga olib keluvchi asosiy sabablardan biri hisoblanadi. Xususan, yoshi 50dan o‘tgan har yettinchi avstraliyalik ana shunday muammoga duch keladi. Aynan yosh bu boradagi xatarni kuchaytiruvchi omil sanaladi. Ko‘pincha 50 yoshdan keyin odamlarning ko‘zida sariq dog‘ bilan bog‘liq nuqsonlar paydo bo‘ladi. Hozirgi kunda ushbu kasallikka qarshi dori yaratilmagan.

Yetakchi ilmiy xodim, dotsent Bamini Gopinatning aytishicha, aynan apelsinlar tarkibida uchraydigan flavonoidlar ko‘z kasalliklarining oldini olishga yordam beradi. Olimlar choy, olma, qizil vino va apelsinlar tarkibidagi ana shu birikmalarni o‘rgandi. Biroq apelsindan tashqari boshqa mahsulotlarda mavjud flavonoidlar ko‘zga samarali ta’sir etmasligi aniqlandi.

Flavonoidlar bilan bog‘liq yana bir qiziqarli ma’lumot.

Gap shundaki, Yaponiyaning Toxoku universiteti olimlari mamlakatda 13 mingdan ortiq 65 yoshli aholi vakillariga tegishli ma’lumotlarni o‘rganib chiqishdi. Bu insonlar o‘rtasida 5-7 yil davomida ularning ovqatlanish ratsioni va hayot tarzi xususida muntazam so‘rov o‘tkazib kelingan. Olingan ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, har kuni kamida bir dona sitrus mevasi iste’mol qilgan keksa odamlarda aql va xotira susayish xavfi shunday ne’matlarni haftasiga 1-2 marta tanovul qilganlarga nisbatan 23 foiz kam bo‘lar ekan.

Tadqiqotlarda ayon bo‘ldiki, apelsin va limon shinavandalari ichida ayollar ko‘proqni tashkil qilgan. Ular sitrus mevalar kam yeydiganlarga qaraganda yaxshi bilim olgani hamda sog‘lom turmush tarzini olib borishi ham aniqlandi.

Izlanishlar davomida taxmin qilinganidek, apelsin, mandarin va limon tarkibidagi flavonoidlardan biri nobiletin aynan miya hujayralarini himoya qilish vositasiga aylangan bo‘lishi mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?