AOKAda yangi loyihaning taqdimoti boʻldi

22:33 20 Fevral 2019 Jamiyat
211 0

Foto: Farrux Aliyev.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Bolalik kunlarimda” loyihasining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Bu haqda Agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur loyiha Agentlik va Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Loyihaning asosiy maqsadi oʻzbek xalq ertaklarining audio talqinini yaratish orqali millatimizning ulkan madaniy merosi, xalq ogʻzaki ijodi namunalarini kelajak avlodga yetkazishdan iborat.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Komiljon Allamjonov taʼkidlaganidek, audio ertaklar bolalar uchun nafaqat qiziqarli voqealar bayoni, balki ota-onalarga barkamol avlodni tarbiyalashda samarali pedagogik vosita vazifasini oʻtaydi. Bolalarda yaxshilik va yomonlik, xushmuomalalik, jasurlik va boshqa ijobiy xislatlarni shakllantirish, salbiy odatlarning oqibatlarini tushuntirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xalq ertaklarining audio talqinini yaratishda bir guruh mutaxassislar, jumladan, muharrirlar, tarjimonlar, musahhih va ruhshunoslar, aktyorlar hamkorlikda ish olib bordi. Tadbirda oʻzbek xalqining sevimli ertaklaridan biri “Zumrad va Qimmat”ning audio talqini namoyish etildi. Loyiha doirasida, har oy yakunida 10 ta oʻzbek va rus tillaridagi ertaklar jamlangan disklar taqdim etiladi.

Shuningdek, audio ertaklarni taʼlim jarayoniga ham integratsiyalash, ulardan rivojlantiruvchi usul sifatida foydalanish ham rejalashtirilmoqda. Professional studiyada yozilgan audio ertaklar muntazam ravishda maxsus telegramm kanal — https://t.me/bolalikkunlarimda kanalida muayyan vaqtda bepul uzatib boriladi.

Tadbirda mutaxassislar Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan amalga oshirilgan bu loyiha yaxshi samara berishini taʼkidladi. Bu kabi loyiha tizimli davom etadi. Shuningdek, “Koʻngil koʻzi” deb nomlangan loyihada koʻrish imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus kitoblar yaratish rejalashtirilgan.

Kelajakda bolalarning chet tillarini samarali oʻzlashtirishini yoʻlga qoʻyish maqsadida audio ertaklarning inglizcha versiyasini ham tayyorlash koʻzda tutilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?