AOKA rahbari Komil Allamjonovga oʻrinbosarlar tayinlandi

16:56 07 Mart 2019 Jamiyat
427 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan 2019 yil 7 mart kuni qabul qilingan farmoyishga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining oʻrinbosarlari tasdiqlandi.

Xodjimetov Avazbek Jabbarkulovich — Agentlik direktorining birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.

Avazbek Xodjimetov

Avazbek Xodjimetov 1974 yil Toshkent shahrida tugʻilgan. Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash Oliy maktabini tamomlagan.

Mutaxassisligi boʻyicha - xalqaro iqtisodiy munosabatlar, siyosatshunoslik: tizimli tahlil va istiqbolni belgilash.

A. Xodjimetov mehnat faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi “Jahon” axborot agentligida boshlagan.

2004-2007 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi elchixonasida press-attashe, 2007-2009 yillarda Tashqi ishlar vazirligi BMT va xalqaro tashkilotlar boshqarmasida davom ettirgan.

2009-2015 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonida masʼul lavozimlarda faoliyat yuritgan.

2015-2016 yillarda Xalqaro hamkorlik va xavfsizlik ishlari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi-tahliliy markaz direktori vazifasida ishlagan.

2016 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi lavozimiga tayinlangan.

2017 yildan shu kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati Axborot-tahlil ishlari boʻyicha sektori mudiri lavozimida ishlab kelayotgan edi.

A. Xodjimetov Agentlik direktorining birinchi oʻrinbosari sifatida davlat axborot siyosatini amalga oshirish, sohaga oid qonunchilikni takomillashlashtirish, axborot xavfsizligini taʼminlash, axborot tahlili hamda ommaviy axborot vositalari faoliyatini rivojlantirish kabi vazifalarni bajarish uchun masʼul boʻladi.

Rahimova Nargizaxon Asrorovna — Agentlik direktori oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.

Nargizaxon Rahimova

N. Raximova 1978 yil 27 dekabrda Toshkent shahrida tugʻilgan. 1999 yil Toshkent davlat texnika universitetini Iqtisodchi-muhandis mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1999 yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudida maslahatchi lavozimida boshlagan.

2000-2006 yillar mobaynida Oʻzbekiston Tashqi Iqtisodiy faoliyat Milliy bankida faoliyatini davom ettirgan.

2006 yildan buyon axborot, jurnalistika sohasi boʻyicha qator lavozimlarda faoliyat koʻrsatgan. “Delovoy partner”, “Birja” kabi gazetalar, qator elektron ommaviy axborot vositalarida masʼul lavozimlarda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Media markazida Bosh mutaxassis lavozimida faoliyat yuritgan.

Nargizaxon Rahimova Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasining chet ellarda ijobiy imidjini shakllantirish – PR-markaz vazifasi ijrosi, shuningdek, agentlikning davlat organlari axborot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish kabi vazifalar uchun masʼul boʻladi.

Bozorov Gʻayrat Nazarovich — Agentlik direktorining oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi.

Gʻayrat Bozorov

Gʻayrat Bozorov 1984 yil Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan. Toshkent Davlat jahon tillari universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi boʻyicha - xalqaro jurnalist.

Gʻ. Bozorov mehnat faoliyatini Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligida boshlagan.

2007 yildan 2016 yilga qadar agentlikda mutaxassis, boʻlim boshligʻi, boshqarma boshligʻi kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan.

2016 yilda Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi tizimidagi “Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi Davlat korxonasi Marketing boʻlimi boshligʻi lavozimiga tayinlangan.

2018 yildan buyon shu kunga qadar nashriyot-matbaa ijodiy uyi direktorining nashriyot va markateng masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Gʻ. Bozorov Agentlik direktorining oʻrinbosari sifatida litsenziyalash va nazoratni tashkil etish, nashriyot-matbaa sohasi, kitob savdosi va axborot kutubxona resurslari faoliyatini rivojlantirish kabi vazifalarni bajarish uchun masʼul boʻladi.

Qayd etish lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan, Agentlik direktori oʻrinbosarlarining maqomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosariga tenglashtirilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?