AOKA ham Kun.uz saytida eʼlon qilingan material yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi

16:24 16 Avgust 2019 Jamiyat
92 0

Unda quyidagilar oʻz aksini topgan:

“15-avgust kuni OAV vakillarining jurnalistlik faoliyati davomida masʼul mansabdor tomonidan tazyiqqa uchragani haqida material eʼlon qilindi.

Matn va unga ilova qilingan videolavhada Toshkent shahri Olmazor tumani hokimi oʻrinbosari Kun.uz tahririyati muxbirlariga nomunosib, qoʻpol muomalada boʻlgani, hatto kamerani olib qoʻyish tahdidi bilan tajovuz qilgani aks etgan.

Afsuski, bunday holatlar ayrim mansabdor shaxslarning qonunlardan bexabarligini koʻrsatib qoʻymoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunning 5-moddasiga koʻra, ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanadi.

“Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 5-moddasiga muvofiq, jurnalist oʻz kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chogʻida, jurnalist tekshiruvi oʻtkazish, mansabdor shaxs qabulida boʻlish, maʼlumotlarni belgilangan tartibda yozib olish, shu jumladan, zarur texnika vositalaridan foydalangan holda yozib olish huquqiga ega.

Axborot va ommaviy kommuniuatsiyalar agentligi mansabdorlarning OAV vakillariga nisbatan nomunosib harakatlarini qoralaydi. “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasiga koʻra, davlat idoralari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslari jurnalistga tazyiq oʻtkazganlik, uning jurnalistlik faoliyatiga aralashganlik, jurnalistning materiallari va zarur texnika vositalarini gʻayriqonuniy ravishda olib qoʻyganlik uchun javobgarlikka tortiladi.

Jamiyatimizda qonun ustuvorligini taʼminlanish eng muhim va ustuvor vazifa sifatida yana kun tartibiga chiqmoqda. Zotan, u xoh mansabdor shaxs, xoh oddiy fuqaro, xoh jurnalist yoki bloger boʻlsin, qonun oldida hamma barobardir.

Oʻzbekiston Respublikasida soʻz erkinligini taʼminlash sohasida olib borilayotgan islohotlar jarayonida davlat organlari vakillarining jurnalist va blogerlar bilan konstruktiv munosabatda boʻlishi, erkin axborot olish imkoniyatini taʼminlashi juda muhim. Chunki matbuot va soʻz erkinligi jamiyat taraqqiyotining eng muhim omilidir”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?