AOKA blogerlar va OAVni tasdiqlanmagan xabarlar tarqatmaslikka chaqirdi

22:53 13 Mart 2020 Jamiyat
324 0

Arxiv surat

Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Dilshod Saidjonov OAV va blogerlarni tasdiqlanmagan va ishonchli manbaga ega boʻlmagan xabarlarni tarqatmaslikka chaqirdi.

“Bugun ijtimoiy tarmoqlarda va bir qator blogerlar tomonidan tasdiqlanmagan hamda ishonchli manbaga ega boʻlmagan maʼlumotlar tarqatildi.

Shuni unutmaslik kerakki, aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan maʼlumotlar, materiallar, feyk xabarlar va umuman, ishonchsiz axborotni har qanday shaklda tarqatish amaldagi qonunchilikka muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin.

Qonunchilikda axborot sohasidagi huquq hamda masʼuliyat aniq belgilangan va buni, ayniqsa, faol va katta auditoriyaga, jamiyatda oʻz mehnati tufayli taʼsir kuchiga ega blogerlar, ijtimoiy tarmoqlardagi guruh va kanallar maʼmurlari yaxshi his etishlari lozim, deb oʻylayman. Chunki jamiyatda ular tarqatayotgan har qanday axborotni haqiqat sifatida qabul qiladiganlar koʻp.

OAV va blogerlar ham xuddi davlat organlaridan talab etilgani kabi sohaga oid amaldagi qonunchilik meʼyorlariga rioya etishlari shart ekanligini unutmasligi kerak.

Alohida taʼkidlashni istar edikki, AOKA barcha OAV va blogerlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda va bundan keyin ham ularning axborot olishlari uchun koʻmak berishga tayyor”, deydi Dilshod Saidjonov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?