Anvar qori Tursunov 19 kundan beri komada yotibdi

11:48 27 Aprel 2018 Jamiyat
1485 0
Foto: kun.uz 

Mikroinsult bilan kasalxonaga tushgan Toshkent shahar va “Minor” masjidi bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov 19 kundan beri koma holatida yotibdi.

Bu haqda shoir Muhammad Ismoil o’zining “Facebook” ijtimoiy tarmog’idagi sahifasida ma’lum qildi.

“Mana o’n to’qqiz kunki, ulug’ ustozimiz, zamonamizning allomai kiromi, donishmand inson Anvar qori Tursun o’zlariga kelolmay, koma holatida yotibdilar. Ertaga juma nomozida duo qilinglar azizlar! Anvar aka halol, pokiza, to’g’riso’z va hamisha, hammavaqt hammaga yaxshilik qilish payida yashaydigan, kecha-yu kunduz elimizni, millatimizni duo qilib charchamaydigan, ilmu-urfon tarqatishni o’z hayotining mazmuni deb biladigan, hayotining bosh maqsadi islom axkomlarini keng yoyish, kishilarni Quron va Hadis nurlari bilan ziyolantirish, Qur’on asosida yashashni oliy martaba deb bilgan va Yer yuzida bugun istiqomat qilayotgan eng ulkan ulamolardan bittasidir. Men qariyb o’ttiz yildan buyon u kishining yonlarida yurib yuqorida aytgan so’zlarimga ming bor iqror bo’lganman. Men uchun, Anvar aka do’stim desam do’stimdan a’lo, aka desam akamdan a’lo, ustoz desam ustozdan a’lo insondir. Anvar aka musulmon bandasi borki, hamisha hammasiga cheksiz ehtirom ko’rsatadigan, qalbi mehru-muhabbatga to’liq mehridaryo insondirlar. Azizlar, muhtaram ustozimizni duo qilishingizni o’tinib so’rab qolaman! Biz yillar davomida Anvar akaning ilmu-ziyosiga muhtoj edik, bugun u zot sizning duoingizga muhtoj, zora Sizning duoingiz sabab Olloh taolo shifoi komil ato etsa ajab emas. Zero, yomg’ir bilan Yer ko’karar, duo bilan el ko’karar! Ollohim, ustozimizga sog’lik salomatlik ato et, O’zing buyuksan, O’zing qudratli Parvardigorsan Ollohim!” — deyiladi u qoldirgan xabarda.

Ma’lumot o’rnida aytib o’tamiz, shu oyning boshida (6 aprel kuni) ayrim internet nashrlarida Toshkent shahrining bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov  mikroinsult bilan kasalxonaga tushgani, operatsiya qilingan hamda ahvoli ancha yaxshiligi haqida xabarlar tarqatilgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?