Antitermal plyonka avtomobil oynalarini qoraytirish masalasini hal qiladimi?

10:12 22 Iyul 2019 Jamiyat
307 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida avtomobil oynalarini qoraytirish (“tonirovka”) masalasi koʻrib chiqildi. 

“Adolat” SDP fraksiyasi deputatlariga xalqimiz tomonidan haydovchi va yoʻlovchilarni yozning jazirama issigʻidan himoya qilishda yetarlicha sharoitlar yaratish boʻyicha koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda. Ularda asosiy masala sifatida, yozning issigʻi, quyosh nurlari, ayniqsa, ultrabinafsha nurlaridan saqlanishda avtomobil oynalarini qoraytirishga ruxsat berish soʻralgan.

Biroq Vazirlar Mahkamasining “Tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, oynalarning tusini oʻzgartirish (qoraytirish)ga ruxsatnoma olish jismoniy shaxslar uchun — eng kam oylik ish haqining toʻqson baravari (18 245 700 soʻm), yuridik shaxslar uchun — eng kam oylik ish haqining bir yuz yigirma baravari (24 327 600 soʻm) miqdoridagi mablagʻni toʻlash orqali amalga oshiriladi. Tabiiyki, koʻplab fuqarolarimizda buncha mablagʻ toʻlash evaziga bir yilgagina ruxsatnoma olishga moddiy imkoniyat yetarli emas.

Deputatlar tomonidan taʼkidlanganidek, agar ushbu summani toʻlashga haydovchining qurbi yetsa ham, issiqdan himoyalanishga hech qanday nafi boʻlmaydi. Chunki qarorga ­asosan, oynalarining tusini oʻzgartirish avtotransport ­vositasining faqatgina orqa oynalariga ruxsat beriladi, xolos.

Fraksiya aʼzolari fuqarolarimizni qiynayotgan ushbu masala yuzasidan aholi fikrlari, ijtimoiy tarmoqlardagi munosabatlar va mutasaddi vazirlik pozitsiyasini oʻrganib, ham xalq manfaatlari, ham xavfsizlik talablarini inobatga ­olgan holda, oʻz takliflarini ishlab chiqdi.

Yaʼni bugungi kunda avtotransport ehtiyot qismlari bilan savdo qilish doʻkonlarida antitermal plyonkani uchratish mumkin. U bir qadar shaffof boʻlib, asosiy vazifasi avtomobil salonini quyoshning ­ultrabinafsha nurlaridan ­saqlab, jaziramada isib ketishini kamaytiradi.

Yigʻilishda antitermal plyonka bilan qoplangan avtomobil oynalarining bir nechta namunalari koʻrgazmali koʻrinishda taqdim etildi.

Namunalardan koʻrish mumkinki, antitermal plyonka xususiyatiga koʻra, tonirovka plyonkasidan ancha ustunlikka ega va haydovchilar uchun ham yon-atrofni koʻrishga xalaqit bermaydi. Eng asosiysi, transport vositasining ichidagi shaxslar tashqaridan bemalol koʻrinadi, hech ­kimning xavfsizligiga daxl qilmaydi.

Deputatlarning ushbu tashabbusini tadbirda qatnashgan ­Vazirlar Mahkamasi, Davlat yoʻl harakati xavfsizligi hamda “Oʻzstandart” agentligi mutaxassislari qoʻllab-quvvatlashdi.

Ayni paytda Hukumat qaroriga tegishli oʻzgartirish ki­ritishni nazarda tutuvchi taklif tayyorlanmoqda. Unga koʻra, 70 foizlik cheklov 15 foizga, yaʼni 55 foizgacha tushirilsa, haydovchilar bemalol antitermal plyonkadan foydalanishi mumkin boʻladi. Bu esa nafaqat yoʻlovchilar, balki haydovchilarga ham qulayliklar yaratadi. Deputatlar, shuningdek, ushbu amaliyotni ­jamoat transportlarida ham qoʻllash taklifini ilgari ­surishdi.

Munisxon KARIMOVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?