Аngrenda Markaziy Osiyoda yagona mineral yung ishlab chiqaruvchi zavod quriladi

10:04 16 Avgust 2019 Iqtisodiyot
173 0

 “Аngren” erkin iqtisodiy zonasida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan mineral yung ishlab chiqaruvchi yangi “ANGREN INSULATION” zavodi qurilishiga start berildi. Bu haqda O‘zА xabar berdi.

Prezidentimiz raisligida 12 avgust kuni iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini oshirish va ulardan samarali foydalanish, investitsiyalarni, avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va o‘zlashtirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘lamini kengaytirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida joriy yilning birinchi yarmida 85 trillion 775 milliard so‘m investitsiya o‘zlashtirilgani, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,6 barobar ko‘p ekani alohida taʼkidlangan edi.

14-avgust kuni mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2019-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish hamda 9 oy va yil yakuni bo‘yicha belgilangan prognoz parametrlariga erishishni taʼminlaydigan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishda mamlakatimiz tarixida birinchi marta investitsiyaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 38 foizdan oshgani, oldingi yillarda bu ko‘rsatkich 25 foizga ham yetmagani qayd etildi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda faol investitsiya siyosati yuritilmoqda. Bu – iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar yo‘naltirilishiga zamin yaratmoqda. Sarmoyadorlar uchun olib borilayotgan “ochiq eshiklar” siyosati ishlab chiqarish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirib, yirik loyihalar amalga oshirilishiga imkon yaratayotir.

“Аngren” erkin iqtisodiy zonasida ham investitsiya jalb etish orqali yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Аyni paytda “Аngren” EIZda mineral yung ishlab chiqaruvchi yangi “ANGREN INSULATION” zavodi qurilishiga start berildi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, xitoylik tadbirkorlar bilan hamkorlikdagi mazkur zamonaviy ishlab chiqarish majmuasini barpo etish uchun bosqichma-bosqich 40 million dollardan ortiq sarmoya kiritilishi mo‘ljallanmoqda.

2020-yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan korxonada 300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Dunyo yetakchi firmalarining 50 ming tonnadan ortiq tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan avtomatlashtirilgan liniyalari bilan jihozlanadi.

Korxonada ichki va tashqi bozorda isteʼmolchilar ehtiyoji uchun qurilish, avtomobilь va yengil sanoat, elektrotexnika, kompozit materiallar ishlab chiqarish kabi jadal rivojlanayotgan sohalarda talabgir mahsulot ishlab chiqaruvchi eng yangi texnologiyalar mujassam bo‘ladi.

“ANGREN INSULATION” qo‘shma korxonasining ishga tushirilishi O‘zbekistonni Markaziy Osiyoda mineral yung kabi muhim va muqobili yo‘q energiya tejaydigan mahsulot ishlab chiqaradigan yetakchi mamlakatga aylantiradi.

Qurilish jarayonida mineral yung izolyatsiyasidan foydalanish energiya tejash ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada oshiradi va har qanday binoning energiya samaradorligini yaxshilaydi. Qurilish kompaniyalari va aholi tomonidan mineral yungdan foydalanish yiliga kamida 10 milliard kubometr tabiiy gazni tejash imkonini yaratadi. Tejalgan ushbu miqdordagi tabiiy gaz 1 milliard dollar demakdir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?