“Angren shakar” korxonasida sodir boʻlayotgan holat oʻrganildi

18:03 29 Oktyabr 2020 Jamiyat
215 0

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Angren shakar” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan ommaviy ravishda xodimlarning ishdan boʻshatilayotganligi bilan bogʻliq maʼlumotlar tarqaldi.

Mazkur holat Oliy Majlis Senati aʼzosi Malika Kadirxanova va Ohangaron shahar hokimligi mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan birgalikda joyiga chiqqan holda oʻrganildi.

Mazkur korxona qariyb 5 oydan buyon faoliyat koʻrsatmasdan kelmoqda. Lekin shunga qaramasdan, shu vaqtga qadar ishchi-xodimlarga oylik maosh toʻlab kelingan. Ayrimlari esa haq toʻlanmaydigan taʼtilga chiqarilgan.

Hozirgi vaqtga kelib, korxona tomonidan oʻzaro kelishuv asosida, yaʼni kelgusida korxona ish faoliyatini tiklagach, qayta ishga olish sharti bilan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinmoqda. Ayni paytda 28-oktyabr holatiga koʻra, 163 nafardan ortiq ishchi-xodim ishdan boʻshatilgan, ularning barchasiga kompensatsiya pullari toʻlab berilgan. Ishdan boʻshatishlar, haq toʻlanmaydigan mehnat taʼtillari boʻlishi mumkinligi haqida ishchi-xodimlar ogohlantirilgan.

Senator M.Kadirxanova Ohangaron shahar hokimligi mutasaddi xodimlari bilan mazkur korxonadagi ishchilar va rahbarlar bilan suhbatlashdi.

Ayni paytda Ohangaron shahar va tuman hokimligi vaqtincha ishsiz qolgan fuqarolarni ish bilan taʼminlash boʻyicha dastlabki rejalarni muhokama qilib, takliflar tayyorlamoqda. Bunda, asosan, sanoat va ishlab chiqarishda maʼlum tajribaga ega boʻlgan ishchilarni oʻz sohasiga yaqin boʻlgan ishlab chiqarish obyektlariga ishga joylashtirish nazarda tutilmoqda.

Korxonadan boʻshatilgan ishchi-xodimlarga 15 kun muddatda yangi ish oʻrinlari taklif etish boʻyicha xulosa tayyorlanayotgani haqida axborot berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?