Angren shahrida elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish toʻliq avtomatlashtirilgan tizimga oʻtkaziladi

14:43 10 Dekabr 2018 Jamiyat
707 0

Illyustrativ foto

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018 yil 23 oktyabrda imzolangan “Elektr energetikasi tarmogʻini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan elektr energiyasi sohasida mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilarini ishga tushirish boʻyicha loyiha qiymati 2,6 milliard AQSH dollari boʻlgan umumiy quvvati 1 984 MVt 7 ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish belgilab qoʻyilgan.

Shunga koʻra, Toshkent viloyatida ham elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish ishlari boshlab yuborildi. Jumladan, Angren shahri hududidagi hisob nuqtalariga jami 53 036 ta elektr hisoblagichlar hamda hisob nuqtalaridan maʼlumotlarni yigʻish uchun nimstansiya va transformator punktlariga 420 ta konsentratorlar oʻrnatilishi taʼminlanadi. Shu kungacha shaharga “Toshelectroapparat” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan 15 600 dona zamonaviy elektr hisoblagichlar yetkazib berildi. Bu haqda “Oʻzbekenergo” AJ Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Maʼlumot uchun, Angren shaharda 50 000 ga yaqin aholi isteʼmolchilari mavjud boʻlib, shu kungacha 10 000 ga yaqin xonadonga oʻrnatish ishlari amalga oshirildi. Ayni paytda elektr hisoblagichlarni oʻrnatish ishlari jadal olib borilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, “Oʻzbekenergo” AJ tomonidan “Obod qishloq” hamda “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida butun mamlakatimiz boʻylab rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari izchil amalga oshirilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?