Angren qayta chiroy ochmoqda

10:55 06 Dekabr 2019 Jamiyat
424 0

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 27 yillik bayrami arafasida Angren shahar hokimligi tashabbusi bilan aholiga bir qator bayram tuhfalari inʼom etildi. Ular orasida koʻrkam xiyobonlar, dam olish maskanlari, sayilgohlar, zamonaviy turarjoy inshootlar oʻrin olganligi bilan alohida ajralib turibdi. Kuni kecha ana shunday madaniyat maskanlaridan biri, 800 oʻrinli tomoshabinga moʻljallangan “Osiyo” sanʼat saroyining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Anjumanda shahar jamoatchiligi vakillari, harbiy xizmatchilar, mehnat faxriylari, OAV vakillari ishtirok etishdi.

“Obod mahalla” Davlat dasturi doirasida bajarilgan ishlar koʻlamidan angrenliklar nihoyatda mamnun. Shahar koʻchalarining fayzu tarovati bugun oʻzgacha. “Qatagʻon” mahallasidagi yangi maktab binosi, 80 oʻrinli bolalar bogʻchasi, “Istiqbol” mahallasidagi xuddi shunday zamonaviy tipdagi kichkintoylar maskani Angrenga koʻrk boʻlib turibdi. “Nurchi” mahallasida esa, uch qavatli oilaviy poliklinika qad rostlamoqda. “Delfin” suv havzasi, “Kimyogar” oʻyingohi zamonaviy uslubda taʼmirlanmoqda. 17-, 24-umumtaʼlim maktablarida qoʻshimcha ajratilgan mablagʻlar hisobidan davlat dasturi loyihasi asosida qayta taʼmirlash amalga oshirildi. Shuningdek, 35-umumiy oʻrta taʼlim maktabining yangi binosi qurib bitkazildi. Aholi salomatligi muhofazasi yoʻlida shahrdagi 9 ta obyektda, jumladan, tez tibbiy yordam boʻlimi, ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi binolarini qurish ishlari jadallik bilan davom etayotir.

Angrendagi “Istiqbol”, “Uch qalqon”, “Nurchi” mahallalarining obodonlashtirilganligi tufayli koʻrkam xiyobonlar, bogʻ-rogʻlar vujudga keldi. “Kimyogar” mahallasidagi sohil boʻyi hududi bugun aholining eng sevimli maskanlaridan biriga aylandi. Joriy yilning shu davrigacha shahardagi jami 10 ta koʻchaning 20,3 kilometr yoʻli taʼmirlanib, asfalt bilan qoplandi. Yil oxirigacha yana 3 ta koʻchada, jami 6,5 kilometr yoʻl taʼmirlanadi.

Aholi turmush farovonligini yuksaltirish yoʻlida amalga oshirilayotgan keng koʻlamdagi bunyodkorlik ishlari tufayli Angrenning shaharsozlik arxitekturasi tubdan oʻzgarmoqda va chiroy ochmoqda.

Shodiyor Mutaharov,

(Xalq soʻzi)

Ravshan Mirzaqulov olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?