“Angren-Olmaota”, “Chirchiq-Olmaota”, “Chirchiq-Chimkent” yoʻnalishlarida avtobus qatnovlari yoʻlga qoʻyilmoqda

16:08 12 Sentyabr 2019 Jamiyat
55 0

Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi qoshidagi “Uzautotrans service” MCHJ tomonidan qoʻshni respublikalar hududiga chiqayotgan yoʻlovchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish, ularni oʻz manzillariga xavfsiz yetkazib qoʻyishni tashkil etish borasida tizimli ishlar qilinmoqda. Shu bugungi kunga qadar “Uzautotrans service” korxonasi tomonidan 4 ta xalqaro yoʻnalishda (“Toshkent-Olmaota”, “Toshkent-Ushkunur”, “Toshkent-Qiziloʻrda”, “Chirchiq-Ushkunur”) muntazam avtobus qatnovlari amalga oshirib kelinmoqda.

Qoʻshni Qozogʻiston Respublikasining turli shaharlariga safarga otlanayotgan Toshkent viloyati tumanlari aholisiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida “Uzautotrans service” korxonasi tomonidan joriy yilning 13-sentyabr kunidan eʼtiboran “Angren-Olmaota”, “Chirchiq-Olmaota”, “Chirchiq-Chimkent” xalqaro yoʻnalishlarida muntazam avtobus qatnovlari yoʻlga qoʻyiladi. Bu haqda Transport vazirligi Axborot xizmati xabar berdi.

Yoʻnalish masofasi 918 km. boʻlgan “Angren-Olmaota” yoʻnalishida chipta narxi 120 000 soʻm etib belgilangan boʻlib, avtobuslar Angrendan soat 16:00, 17:00, 18:00 da harakatlanishni boshlaydi.

“Chirchiq-Olmaota” yoʻnalishida esa yoʻl kira haqqi 100 000 soʻm etib belgilangan. Mazkur yoʻnalish masofasi 818 km.ni tashkil etadi. Avtobuslar Chirchiq avtostansiyasidan soat 17:00 va 18:00 da yoʻlga chiqadi.

“Chirchiq-Chimkent” yoʻnalishi boʻylab esa avtobuslar har kuni soat 09:00, 11:00, 13:00, 15:00,17:00 da Chirchiq avtostansiyasidan harakatlanishni boshlaydi. Ushbu yoʻnalishda yoʻl kira haqqi 35 000 soʻm etib belgilangan.

Shuningdek, 13-sentyabr kunidan boshlab “Uzautotrans service” korxonasi tomonidan “Toshkent-Shahrisabz” yoʻnalishida ham muntazam qatnovlar yoʻlga qoʻyiladi. Masofasi 387,9 km. boʻlgan mazkur yoʻnalishda chipta narxi 54 000 soʻm etib belgilangan. Avtobus “Toshkent” avtovokzalidan soat 11:50 da joʻnab ketadi. Shahrisabzdan esa soat 09:30 Toshkent shahri tomon yoʻlga chiqadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?