Angor tomorqalarida bu yil qariyb 75 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiriladi

09:02 17 Aprel 2020 Jamiyat
716 0

Surxondaryo viloyatida 406 ming 600 dan ziyod oila oʻzining 48 ming 940 gektardan ortiq tomorqa maydoniga ega. Ularning aksariyati tomorqasidan samarali foydalanib, yaxshigina daromad olib kelishmoqda. Buning uchun esa barcha imkoniyatlar mavjud.

Buni Angor tumani misolida aytadigan boʻlsak, hududda 22 ming 298 ta xonadon tomorqa egalari boʻlib, ekin ekiladigan maydon 2 668 gektarni tashkil etadi. Bundan tashqari 24 gektar maydonga 693 ta issiqxona barpo etilgan. Hozirgi kunda ochiq maydon hamda issiqxonalarga ekilgan turli xildagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining deyarli barchasi pishib yetilgan.
 

Tumanning “Zang-Gilambop” mahallasida yashovchi Abdurashid Turopov bundan 6 yil avval oʻz tomorqasida ikkita issiqxona tashkil etgan edi. Joriy yilning yanvar oyi boshida bu yerda pomidorning serhosil “Boʻron” navidan 1600 dona ekib, aprel oyidan hosil ola boshladi.

Angor tumanida “Har bir oila — tadbirkor” dasturi boʻyicha kredit olib, issiqxona qurgan va koʻplab mahalliy aholining bandligini taʼminlayotgan ishbilarmonlar ham talaygina. “Toʻlqin” mahallasida yashovchi Jamshid Nazarovni ana shunday tadbirkorlar safiga kiritish mumkin. Yosh tadbirkor 15 sotix maydonga 3 ta issiqxona barpo etib, mana ikki yildirki, moʻmaygina daromad olib kelmoqda. Ayni kunlarda bu yerda ish qizgʻin. Pishib yetilgan pomidor mahsuloti terib olinib, peshma-pesh bozorlarga yetkazib berilyapti.
 

Tumanning “Yuqori Tallimaron” mahallasidagi Xolmurod Qodirqulov xonadonida boʻlganimizda tomorqadagi manzarani koʻrib, “inson qoʻli gul” degan iboraning naqadar haqiqat ekanligiga yana bir bor amin boʻldik. Tomorqaning bir tomonida karam pishib turgan boʻlsa, bir qismida ekilgan kartoshka qazib olinyapti. Boshqa tomonda esa sarimsoq piyoz bozorga chiqarishga tayyorlanmoqda. Birgina shu tomorqaning oʻzida sakkiz turdagi qishloq xoʻjaligi mahsuloti pishib, xalqimiz dasturxoni uchun tayyor holatga keltirilgan.
 

Angorlik Toshboʻri Xolbekov ham 72 yoshni qarshilagan boʻlsa-da kaftdekkina tomorqasini yashnatib qoʻyibdi. Ochiq maydonga ekilgan piyoz mahsuloti isteʼmolga tayyor holatda. Tomorqadan oʻrin olgan 3 sotixli issiqxonada esa bulgʻor qalampiri barq urib rivojlanmoqda. Ahamiyatlisi, issiqxona chetiga tajriba tariqasida serhosil uzum navidan ham ekilgan. Xonadon egasining aytishicha, bir-ikki yilda hosil berishi kutilayotgan tok barglari yozda koʻchatlarni issiqdan asrashda ayni muddao boʻladi.

Shu tariqa aholining erta bahorda oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabini toʻla qondirish hamda eksportni amalga oshirish maqsadida mazkur tumandagi barcha tomorqalarda toʻliq toʻqsonbosti va ertaki ekinlar ekilib, ularning aksariyati tayyor holatga keltirilgan. Bu esa joriy yilda tomorqalarda yetishtirilishi kutilayotgan 74,6 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini bekamu koʻst yigʻishtirib olish imkonini beradi.
Ilhom Rahmatov,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?