Angliya futboli afsonasi Jek Charlton 85 yoshida vafot etdi

23:20 11 Iyul 2020 Sport
397 0

The Guardian nashrining xabar berishicha, bugun Angliya milliy terma jamoasi sobiq himoyachisi Jek Charlton 85 yoshida ogʻir xastalikdan vafot etdi. Futbol tarixida oʻzidan yorqin iz qoldirgan insonning faoliyati barchaga qiziq va ibratli.

Qahramonimiz 1935-yilning 8-may sanasida Angliyaning Ashington shahrida oʻsha paytda nihoyatda kamyob hisoblangan futbolchilar oilasida dunyoga keladi. Jek yoshligidan ushbu sport turiga mehr qoʻyadi va uning jozibasini juda erta ilgʻay boshlaydi. Charltonlar oilasida ungacha ham professional futbolchilar boʻlgan. Uning naq beshta amakisi turli yillarda «Lids Yunayted», «Chesterfayld», «Bredford» hamda “Nyukasl” jamoalarida faoliyat olib borgan. Lekin Charltonlar avlodi eslanganda koʻproq uning oʻzi va amakilari emas, balki oʻsha mashhur ukasi Bobbi yodimizga keladi. Bobbidan tashqari yana 2 ta ukasi boʻlgan Jekning yoshligi anchayin mashaqqatlar girdobida oʻtadi.

U tugʻilgan shahar Angliyaning yirik koʻmir industriyasiga aylangan bazasi hisoblanar va oiladagi hammaning ishi shu soha bilan bogʻlangan edi. Shuning uchun ham boʻlsa kerak, yosh Charlton oilaning katta farzandi sifatida roʻzgʻor yumushlariga ancha erta oʻzini ura boshlaydi. Lekin oʻsha paytlari moliyaviy jihatdan qancha qiynalmasin, mashhur klublar oʻrtasidagi bahslarni tribunadan turib kuzatib borishni kanda qilmasdi. Oilada uning bu qiziqishini faqat onasi Sissiyegina ilgʻay olgan. Onasi hatto, birmuncha vaqt davomida oʻsha paytlardagi mahalliy maktab jamoalariga murabbiylik ham qilgan. Nisbatan futbolni tushungan va uning ichida faoliyat yuritgan ayol oʻz farzandlarining ushbu sport turiga boʻlgan qiziqishiga befarq qaramagan va ularning tarbiyasiga asosan oʻzi masʼul boʻlgan. Sissiye dam olish kunlari oʻtkaziladigan oʻyinlarga farzandlarini olib borgan. Keyinchalik ham Jek Charlton oʻz intervyularida yoshlik davrlaridagi “Nyukasl”ning oʻyinlari yorqin va chiroyli boʻlgani hamda ularning birortasini oʻtkazib yubormaganligini birma-bir xotirlaydi. Balki, hayoti davomida butun umr muxlislik qilgan klubiga nisbatan uygʻongan mehr mana shu davrlarda shakllangan boʻlsa ajab emas.

Jek Charltonning futbolchilik faoliyati 15 yoshida boshlangan. Mahalliy “Lids” jamoasidan tushgan taklifga dastlab, otasi sabab rozilik bildira olmaydi. Eski joyi, koʻmir shaxtasida bir qancha muddat ishlab yurishga majbur boʻladi. Lekin baribir u oʻz kelajagi — futboldan uzoqqa ketolmas edi. Bundan tashqari “Lids”da toʻp tepayotgan amakisi Jimning qistovi sabab, nihoyat, uzoq kutilgan transfer amalga oshadi. 1950-yili Jek Charlton «Lids Yunayted» akademiyasiga qabul qilinadi. Oradan ikki yil oʻtgach Rich Karter qoʻl ostidagi klubning asosiy tarkibiga kelib qoʻshilad. Shu yildan boshlab endi Jek uchun katta futbol karyerasi boshlanadi. Oʻzining debyut oʻyinini 1953-yilning 25-aprelida «Donkaster Rovers» klubiga qarshi oʻtkazgan hamda uchrashuv 1:1 hisobida yakunlangan.

Aynan oʻsha bahsda qahramonimiz oʻzining bundan keyingi ampluasini belgilab olgan desak, yanglishmaymiz.

“Oʻsha payti asosan markazda oʻynar edim va buning effekti oʻzimga ham unchalik sezilmasdi, keyin meni Karter yoniga chaqirib, qayerda oʻynashimni tayinlagan: ”Sening asosiy vazifang — raqib hujumchilarini kuchsizlantirish“, — deya uqtirgan. Shundan beri markaziy himoyada oʻynab kelmoqdaman”, — degan edi Charlton bir intervyusida. Tabiatan mehnatkash va intiluvchan boʻlgan bu yigit mashgʻulotlardan sira qochmas va oʻzining ustida tinimsiz ishlar edi. Lekin jamoasida u kabi oʻyinchilar ancha kamligi sabab klub miqyosida u aytarli sovrinlarga erisha olmaydi. Bir necha yillar davomida «Lids Yunayted»ning Angliya ikkinchi divizionida zoʻrgʻa jon saqlab yurishi hamda qolgan futbolchilar bilan yuzaga kelgan baʼzi kelishmovchiliklar Jekning hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. U klubi uchun borini berib oʻynardi va baʼzida murabbiyga ham oʻz koʻrsatmalarini oʻtkaza olgan. Bu esa oʻsha paytdagi boshqaruvda boʻlgan trenerlarga yoqmasdi.

Keyinchalik u tez-tez tungi klublarga boradigan, mashgʻulotlarga kechikib qatnashadigan odat chiqarib oldi. Bu esa rahbariyatga maʼqul kelmas, endi u juda koʻp muddat zaxira oʻrindigʻida qolib ketardi. Oʻyin amaliyoti yetarlicha boʻlavermagach, ichkilikka berilib, qisqa vaqt mobaynida Jekning hayoti izdan chiqib ketdi. Lekin tez orada yaqinlari koʻmagida yana eski formasiga qayta boshladi, oʻz oldiga jiddiy maqsadlar qoʻydi. Bunda, ayniqsa, eski murabbiyi Rich Karterning xizmatlari katta edi. «Rich menga har bir oʻyin oldidan oʻzimga boʻlgan motivatsiyam oshishiga yordam berardi», — deb eslaydi futbolchi. Charlton mahoratini yildan yilga oʻstirib borgani sayin mehnatining mahsullari ham uzoq choʻzilmadi. Nihoyat 1955-56 yilgi mavsumda klubi “Lids” bilan uzoq yillik tanaffusdan soʻng birinchi divizionga chiqa oldi. Bu natija oʻsha paytlar uchun juda katta yutuq edi. Shundan keyin milliy terma jamoaga ham muntazam jalb etiladigan boʻldi. Lekin 1958-yili jamoani uzoq boshqargan murabbiy Rich Karter isteʼfoga chiqqach, “Lids” uchun algʻov-dalgʻovli yillar boshlanadi. Klub ikkinchi divizionga tushib ketadi va bir necha marta murabbiy almashish hodisasi kuzatiladi. Charlton sermahsul himoyachi boʻlgani sababli uni hatto, markaziy hujumda ham oʻynatib koʻrishadi. Bu kabi omillar borgan sari jamoa tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatar edi. Lekin shunga qaramay bir necha yildan soʻng kelgan yangi rahbariyat klubda yangi era boshlanishiga sabab boʻldi — 1962-yili jamoa boshqaruviga Don Revi keladi va katta burilish yasashga urinib koʻradi. U va Charlton boshchiligida “Lids” yana birinchi divizionga koʻtariladi. Oʻzi umuman, 1962 — 1966-yillar klub uchun ancha omadli oʻtdi. Bu orada jamoa elitada «Manchester Yunayted»ga raqobatbardosh boʻlib shakllandi, chempionlik poygasida qatnashdi, ketma-ket 25-martalik magʻlubiyatsiz seriyani yaratdi, bir marta Angliya kubogi finaliga ham chiqdi. Yevrokuboklarda garchi uzoqqa bora olmasa-da, yorqin oʻyini bilan “Lids” muxlislar qalbidan joy oldi. Bu kabi yirik natijalarda, shubhasiz, Jek Charltonning xizmatlari beqiyos. Bu orada u himoyadagi ajabtovur oʻyinlari evaziga grand klublar qiziqishiga ham tushdi. “Liverpul” ustozi Bil Shenkli tomonidan oʻsha paytdagi super summa — 30 ming funt sterling taklif etildi, MYU bosh murabbiyi Meyt Byusbi hatto, futbolchining oʻzi bilan ham uchrashib koʻrdi. Lekin Jekka bu kabi takliflar yoqmas edi. U qadriyatlarga suyanardi, sobiq jamoasiga sodiqlik namoyish etib, barchaga rad javobini berardi. Shuning uchun ham klubi ramziga aylandi.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, oʻzi uchun “oltin davr” hisoblangan yillarda terma jamoa miqyosida ham ulkan zafarlarga erishdi. Angliya har doim dunyo futboli gigantlari safida qayd etib kelingan. Charlton bu yerda havas qilarli tarkib ichida oʻynadi. Muntazam mundiallarda qatnashib bordi va nihoyat, 1966-yili bosh sovrinni qoʻlga kiritdi. Finalda GFR magʻlub etildi. Ikki yil oʻtib, u va jamoadoshlari Yevropa chempionatida kuchli uchlikdan joy olishdi. 1967-yilda yil oʻyinchisiga nomzodlar qatoriga kiritildi.

Bu kabi muvaffaqiyatlar Jek Charltonning murabbiylik faoliyatidagi ulkan tajribasiga ham tamal toshi boʻlib xizmat qildi, desak, yangilishmaymiz. Murabbiylikka oʻtgach, turli yillarda «Middslbro», “Sheffild” va “Nyukasl” klublarini boshqardi. “Middlsbro” uning qoʻl ostida ikkinchi ligada 1973-1974-yilgi mavsum gʻolibiga aylandi. “Sheffild”ni esa qiyin damlarida uchinchi diviziondan yuqoriga olib chiqa oldi. 1986-yili Irlandiya termasi bosh murabbiyligiga tayinlandi hamda 1990-yilda olamshumul natija — shogirdlarini chorak final yoʻligacha olib bordi. Aynan ushbu natija Irlandiya futboli tarixida oʻchmas iz qoldirdi. Bundan tashqari, “Yevro — 88 va ”JCH — 90"larda ham uning qoʻl ostida Irlandiya yorqin oʻyin koʻrsatdi. Nihoyat, 1996-yili isteʼfoga chiqdi. Koʻrinib turibdiki, murabbiylik sohasida ham maqtashga loyiq natijalar koʻrsatgan. Futbolchilik faoliyatida esa kamdan kam holat — 23 yil davomida bir klub safida oʻynagan.

Binobarin, Jek Charltondek fidoyi, irodali, mehnatkash va iqtidorli futbolchi siymosi muxlisu mutaxassislar tomonidan uzoq yillar davomida yodga olinishi, toʻp surgan hamda ustozlik qilgan jamoalari tarixida abadiy muhrlanib qolishi shubhasiz.

Yusufbek Saydaliyev tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?