Andijonning Xonobodidan Moʻynoq sari piyoda yoʻlga chiqqan yurtdoshimiz 70 kundan soʻng Buxoro shahriga yetib keldi

16:02 10 Sentyabr 2019 Jamiyat
434 0

Ilgari saytimiz orqali Xonoboddan Moʻynoq sari yayov yoʻlga chiqqan Sohib Rajabovning safari qanday kechayotgani toʻgʻrisida xabarlar bergan edik.Olis yoʻlga chiqqan bu qatʼiyatli yurtdoshimiz 70 kun deganda qadimiy Buxoro shahriga yetib keldi.

-Safardan koʻzlagan asosiy maqsadim Oʻzbekistonning tinch va osoyishta, xavfsiz yurt ekanligini, xalqimizning mehmondoʻstligi, bagʻrikengligini butun dunyoga koʻrsatish,- deydi u biz bilan suhbatda.-Yoʻl – yoʻlakay Vatanimizning betakror manzaralari, qadimiy obidalari, osori–atiqalarini suratga tushiryapman.Ularni ham zamonaviy aloqa vositalari orqali butun dunyoga namoyish etish niyatidaman.Navoiydan Buxoro tomon yoʻl olganimda bir umr yodimda qoladigan koʻplab manzaralarga duch keldim.Masalan, yoʻl yoqasidagi sardoba oʻzining meʼmoriy tuzilishi bilan meni maftun etib qoʻydi.Uning yonidagi bozorda boʻldim.Ishonasizmi, oʻzimni xuddi oʻrta asrlarga tushib qolgandek his etdim.Mening holatimni faqatgina yuzlab chaqirim yoʻlni piyoda bosib kelgan kishigina toʻliq tasavvur eta olishi mumkin.

Qayerda boʻlmay, meni vatandoshlarimiz iliq qarshi olishmoqda.Keksalarimiz “Safaringiz bexatar boʻlsin”, deya duo qilib qolishyapti.Meni hatto eng chekka qishloqlarda yashovchilar ham tanib qolishganini aytmaysizmi?!

Aytmoqchi, Sohibjon bilan suhbatimiz Kogon tumani hududidagi Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmuasida kechdi.Yurtdoshimiz odatiga koʻra, tabarruk zotlar mangu qoʻnim topgan qadamjolar ziyoratini kanda qilmayapti.Jumladan, Navoiy viloyati bilan chegaradosh Gʻijduvonga oʻtar ekan, “Yetti pir” silsilasini boshlab bergan ulugʻ bobomiz Abdulxoliq Gʻijduvoniy qabrini ziyorat qildi.Shundan soʻng Shofirkon va Vobkent tumanlarida boʻlib Xoʻja Orif Revgariy (Mohitobon) hamda Xoʻja Anjir Fagʻnaviy qadamjosida boʻldi.Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmuida esa u shu tabarruk maskan imom – xatibi, taniqli xattot Abdugʻafur Razzoqov va boshqalar bilan suhbatlashib, buyuk bobokalonlarimizning insonni halol mehnat, ezgu ishlarga daʼvat etgan taʼlimotlari mazmun – mohiyati xususida maʼlumotlarga ega boʻldi.Prezidentimiz tashabbusi bilan “Yetti pir”da amalga oshirilayotgan obodonchilik, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Shu oʻrinda yana bir dalil.Buxoro viloyati chegarasidan to Bahouddin Naqshband qadamjosiga qadar boʻlgan yoʻlni Sohibjon uch sutkada bosib oʻtdi.U ayni paytda “Yetti pir” silsilasiga kiruvchi Mir Kulol qadamjosini ziyorat qilyapti.Shundan soʻng Buxoro shahriga borib, bu qadimiy kent tarixi, buguni va ertasiga oid maʼlumotlar yigʻadi.

Keyin esa Gazli shahri tomon yoʻl oladi.Gazlidan to Nukus shahriga qadar boʻlgan 450 kilometr yoʻlni bosib oʻtadi.Buni alohida taʼkidlashimizning boisi bor.Gap shundaki, yoʻlning asosiy qismi choʻl – biyobondan iborat.Oʻzining taʼbiri bilan aytganda, yoʻlning eng murakkabi oldinda.Ammo shijoatli yigit uchun bu qiyinchilik pisand emas.Qolaversa, Sohibjon yetti yoshidan sport bilan muntazam shugʻullangan.U Turon yakka kurashi boʻyicha xalqaro sport ustasidir.

Maqolamiz soʻngida yana bir raqamni keltirmoqchimiz.Sohibjon Xonoboddan to Moʻynoqqa qadar jami 2,5 ming kilometrni yayov bosib oʻtishni niyat qilgan. Hozir bir ming 400 kilometr masofa ortda qoldi.

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?