Andijonlik talabalarning Rossiyadagi muvaffaqiyati

14:26 10 Mart 2019 Jamiyat
298 0

“Xalq soʻzi ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Andijon davlat tibbiyot instituti talabalari Rossiya Federatsiyasining Dogʻiston Respublikasida oʻtkazilgan III Butunrossiya xalqaro olimpiadasida muvaffaqiyatli ishtirok etdilar. “Spasi i soxrani” shiori ostida oʻtgan ushbu bellashuvda birinchi yordam koʻrsatish boʻyicha boʻyicha nazariy hamda amaliy shartlar bajarildi. 19 ta jamoa orasida andijonlik talabalarning xorijiy jamoalar oʻrtasida 1-oʻrinni egallashdi.

— Institutimiz talabalaridan iborat “Ibn Sino avlodlari” jamoasi vakillari haqiqatan ham Ibn Sino avlodlari ekanliklarini amalda isbotladilar, — deydi institutning anatomiya operativ jarrohlik va topografik anatomiya kafedrasi mudiri, dotsent Zafarbek Qahhorov. — Bu borada Ilyosmirzo Ziyayev, Jamshid Umrzoqov, Rayhona Tursunova, Diana Abdurahmonovaning xizmati katta boʻldi. Ular ustozlaridan olgan bilimlari asosida nafaqat institutimizda, balki respublikamizda oliy taʼlim muassasalarida jahon talablariga mos oʻquv jarayoni tashkil etilganligini koʻrsatib berdilar.

Aytish joizki, oʻtgan yilning oktabr oyida Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Rossiya — Oʻzbekiston taʼlim forumi” doirasida Andijon davlat tibbiyot instituti va Dogʻiston davlat tibbiyot universiteti oʻrtasida xalqaro hamkorlik kelishuvi imzolangan edi. Unga binoan, shu yilning 25 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasining Dogʻiston davlat tibbiyot universitetida Andijon davlat tibbiyot instituti rektori Madamin Madazimov hamda Dogʻiston davlat tibbiyot universiteti rektori Suleyman Mamayev oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtgan va institutlar qoshida ikkita qoʻshma fakultet ochish boʻyicha kelishuvga erishilgan edi. Ushbu kelishuvga binoan, qoʻshma fakultetlarga 2019-2020 oʻquv yilidan stomatologiya yoʻnalishi boʻyicha, 2020-2021 oʻquv yilidan boshlab esa davolash ishi yoʻnalishi boʻyicha talabalar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, taʼlim jarayoniga zamonaviy texnologiyalar — telemeditsina, masofaviy, elektron va simulyatsion taʼlimlar kiritilishi ham koʻzda tutilmoqda. Qoʻshma fakultet talabalari oʻqishni tamomlagach ikki tomonlama — Rossiya va Oʻzbekiston namunasidagi diplomlarga ega boʻladilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?