Andijonlik tadbirkor Qizilqum choʻllarida baliq yetishtirishni yoʻlga qoʻydi

14:22 19 Sentyabr 2018 Iqtisodiyot
1629 0
Foto: Xalq soʻzi

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Temur Eshboyev/Navoiy. Qizilqumda har qatra suvning qimmati oltinga teng. Vaholanki, mazkur kengliklar million-million yil muqaddam ulkan Tetis dengizi oʻrni boʻlganligidan Zarafshon oʻlkashunoslik muzeyida saqlanayotgan noyob eksponatlar – tosh qotgan chigʻanoqlar, nahang tishlari, oʻrdakburun dinozavrning toshga aylangan boldir suyaklari dalolat beradi. Ularning aksariyati Uchquduq tumanidagi Mingbuloq ovuli atrofidan topilgan.

Qishloq bugun ham oʻz nomiga monand — suvdan deyarli muammo sezmaydi. Aksincha, oʻz buloqlarining zilol suvlari bilan konchilar shahri — Uchquduqning obi hayotga boʻlgan ehtiyojini yengillashtiradi.

Asli andijonlik tadbirkor Hayitmurod Safarov esa bu yerda nihoyatda qaltis biznes tavakkalga qoʻl urib, Mingbuloq suvlarida baliq yetishtirishni yoʻlga qoʻydi. Tuman hokimligi tomonidan ajratilgan 10 gektar maydonda sunʼiy havzalar barpo etib, 15 ming dona baliq chavaqlarini parvarishlamoqda.

“Mamlakatimiz Prezidentining 2017 yil 29 sentyabrdagi “Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex tumanlari, Nurota tumanining olis choʻl hududlari va Zarafshon shahrini kompleks rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida 2017 yilning 1 oktyabridan 2028 yilning 1 yanvariga qadar viloyatning mazkur hududlarida alohida soliq imtiyozlarining joriy etilishi bizni nihoyatda ruhlantirdi. Nasib etsa, yil oxiriga borib, dastlabki mahsulotni olamiz. Kelgusi yildan esa yana bir qator biznes loyihalarni amalga oshirmoqchimiz”, - deydi tadbirkor.

Taʼkidlash joizki, Prezidentimizning mazkur qaroridan soʻng viloyatda 139 ta tadbirkorlik subyekti yangidan oʻz faoliyatini boshlab, tumanda 231ta yangi ish oʻrni yaratilishini taʼminladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?