Andijonlik eng faol yoshlar hokim va ularning oʻrinbosarlari vazifasida faoliyat boshladilar

10:57 28 Yanvar 2020 Siyosat
504 0

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2019-yilning 27-dekabr kuni respublikamizdagi faol yoshlar bilan uchrashib: “2020-yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili boʻladi”,- dedi qatʼiy ishonch bilan.2020-yilning 3-yanvar kuni esa Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov “Hokimlik soati”da viloyatimizda yoshlarga boʻlgan eʼtiborni har doimgidan kuchaytirish, yangi Oʻzbekistonni yoshlar bilan birgalikda barpo etish haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

Bu balandparvoz gaplar faollar zalida qolib ketmadi. Natijada yoshlarni ruhlantirish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida viloyatda “Kelajak bugundan boshlanadi, biz yoshlarimizga ishonamiz!“ shiori ostida “Andijonda yoshlar oʻn kunligi“ loyihasiga asos solindi. Loyiha dasturiga binoan kecha viloyatdagi eng faol 629 nafar yoshlar viloyat hokimining 7 nafar oʻrinbosarlari, 16 ta tuman va shahar hokimlari va ularning 96 ta oʻrinbosarlari, 60 ta viloyat deputatlari va 450 nafar tuman, shahar deputatlari vazifalarida faoliyat yurita boshladilar.

-Buloqboshi tumani hokimi vazifasini bajaruvchi sifatidagi faoliyatimning ilk kunida mahallalarda boʻldim,-deydi Andijon Davlat Universiteti talabasi Olimbek Tursunov. –Aholining turmush tarzi bilan tanishdim, mavjud muammolarni oʻrganib, ijobiy yechim izladim. Jumladan, kechaning oʻzida 3 nafar fuqaroning salomatligini tiklash uchun amaliy yordam berdik.

Oʻn kunlik hokimlar va ularning oʻrinbosarlari, mahalliy kengash deputatlari, mansabdor shaxslarning yumshoq oʻrindiqlarida selfi tushishni boshlagandir, desangiz xato qilasiz. Ular ilk ish kunidayoq hududlarni kompleks rivojlantirish borasidagi muammolarni oʻrganishga kirishib ketdilar.

Andijonda boshlangan ushbu loyiha oʻzining ijobiy samarasini beradi, degan, umiddamiz.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?