Andijondagi uy mojarosi. Aslida nima boʻlgandi?

11:24 30 May 2019 Jamiyat
668 0

Saminjon Husanov, “Xalq Soʻzi Online”/Andijon. Yomon gap tez tarqaydi. Bu gal ham shunday boʻldi. Achinarlisi, ayrim manbalar uning nechogʻli haqiqatga yaqin ekanligini surishtirib oʻtirmadilar. Gap, “Prezident uy berdi” deb televizordan rahmat ayttirilgan andijonlik aël “shou uy”dan chiqarildi” sarlavhasi ostidagi maqola xususida ketmoqda. “Ozodlik”da eʼlon qilingan ushbu xabar kun mavzusiga aylandi. Yaxshiyamki, bugun odamlar hamma gapga ishonavermaydilar. Chunki, ular barchasini koʻrib turibdi. Shu bois ham maqolada bayon etilgani kabi Andijon shahridagi “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli Pushkin koʻchasi, 49-umumiy hovlida istiqomat qiluvchi Xurshidaxon Tillayevaning intervyusiga shubha bilan qaradilar. Axir, kechagina emasmidi, shu ayol “Oʻzbekiston 24” telekanali orqali respublikamizda kam taʼminlangan, turar-joyga muhtoj xotin-qizlar uchun yaratilgan sharoitdan mamnun holda intervyu bergani?

Xoʻsh, Xurshidaxon Tillayeva kim oʻzi?

Andijon shahrida yashagan ayol 2010-yilda Jalaquduq tumanida istiqomat qiluvchi Akmaljon Begaliyev bilan shaʼriy nikoh orqali turmush qurgan. Taqdir ekan, 2 nafar farzandi bilan ajrashgach, ota uyiga qaytib keldi. Shunga ham ikki yil boʻldi. Shu paytgacha, onasi, singlisi, 1-guruh nogironi boʻlgan ukasi hamda farzandlari bilan sharoiti oʻta ogʻir boʻlgan eski barak uylarda yashab keldi.

Tan olish kerak,Andijon viloyatida Xurshidaxon kabi ayollar soni juda koʻp. Viloyat hokimi ShuhratbekAbdurahmonovning qabuliga yordam soʻrab kelganlarning deyarli 95 foizi turmushdan ajragan ayollar boʻlib, ularning barchasi yashash uchun uy soʻrab murojaat qiladilar. Yer maydoni oz, aholisi zich boʻlgan hududda esa bu masala aytish joiz boʻlsa, asta-sekinlik bilan emas, jadallik bilan hal etilmoqda. Barcha biladi, Andijonda soʻnggi 30 yil ichida davlat hisobidan birorta ham turar joy binosi qurilgan emas. Natijada bugungi kunga kelib uyga muhtojlar soni 50 ming nafarga yetdi. Aholini turar-joy bilan taʼminlash maqsadida birgina Andijon shahrining oʻzida shu yilning oxiriga qadar 150 ta koʻp qavatli uylar barpo etilishining oʻziyoq bu boradagi ishlar koʻlami nechogʻli kengligidan dalolatdir. Andijon shahridagi “Mustaqillik” MFY da oʻta ogʻir sharoitda istiqomat qiluvchi yurtdoshlarimiz uchun ikki yildirki, “Mustaqillikning 27 yilligi” nomli yangi mahalla qad rostlayapti va bu yerda mingta arzon uylar qurib, foydalanishga topshirilyapti. Yangi uy sohiblari orasida Xurshidaxonning onasi Halimaxon Tillayeva ham joriy yilning 18-may kuni shu mahallaning 263-hovlisiga koʻchib oʻtdi. Ayol bilan bir uyda istiqomat qilgan yana bir qizi Mohisora Tillayeva esa 563-sonli hovlida istiqomat qilmoqda. Oila aʼzosi boʻlmish Xurshidaxon Tillayevaga shu mahallada barpo etilayotgan koʻp qavatli turar joy binosining 2 xonali kvartirasiga egalik qilish huquqi berilgan. Viloyatda kam taʼminlangan ayollarga boʻlgan eʼtiborni qarangki, “Mustaqillik” tikuvchilik sexi tomonidan Xurshidaxon uchun 12 million soʻmdan iborat dastlabki toʻlov puli oʻtkazib berilgan. Biroq, ayol koʻp qavatli turar joy binosida istiqomat qilishdan bosh tortib, onasi va opasi kabi kottej uylardan ajratib berishlari uchun imkon qidira boshladi va bu maqsadi yoʻlida “Ozodlik” radiosidan umid qildi.

Siz eʼtibor bering, Andijon sharoitidan kelib chiqqan holda, har bir xoʻjalikka bitta uy ajratib berilishi ham mumkin edi. Shunda ham odamlar shukronalik tuygʻusi bilan yashashlari uchun bu katta imkoniyat boʻlgan boʻlar edi. Axir, atigi bir xonada oʻnlab oila aʼzolari devori qachon qulab tushishidan xavotirda yostiqqa bosh qoʻygani qayoqdayu, barcha sharoitlarga ega boʻlgan va shahar imkoniyatlaridan kam boʻlmagan uyda koʻngil xotirjamlikda yashaganlari qayoqqa! Biroq shaxsan viloyat hokimining oʻzi har bir nochor xotin-qizlarga alohida turar joy ajratishga qaror qildi. Afsuski, bundan toʻgʻri xulosa chiqarib, minnatdorlik hissi bilan yashash oʻrniga yangi imkoniyatlar izlovchi baʼzi zamondoshlarimiz ham oramizda yoʻq emas. Ana shu toifadagi yurtdoshlarimiz haqida oʻylayapmanu, “Oltin baliq” ertagi yodimga tushdi. . .

Xulosa chiqarish oʻzingizdan...

Rustamjon ESHONOV olgan suratlar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?