Andijondagi poliklinikada yuz bergan portlashda jabrlangan oʻquvchilarning ahvoli yaxshiligi aytilmoqda

19:46 26 Fevral 2019 Jamiyat
627 0

Foto: Rustamjon Eshonov

Andijon shahri koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi hududidagi “Issiqlik manbai” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli isitish qozonining portlashi natijasida yuz bergan holat oqibatida 18 nafar oʻquvchi yengil va oʻrta darajada tan jarohati olganini avval xabar qilgan edik.

Jamoatchi muxbirimiz Umidjon Mamarasulov voqea joyiga borib, vaziyatni yaqindan oʻrgandi, jabrlanganlar, guvohlar hamda mutasaddilar bilan suhbatlashdi.

Foto: Rustamjon Eshonov

— Boʻlimimiz markaziy poliklinikaning orqa tomonida joylashgan. Kirish faqat bir tomonlama. Xonamda oʻtirganimda gumburlagan ovoz eshitildi. Tashqariga chiqqanimda oynalar singan ekan, tibbiy koʻrikdan oʻtayotgan bolalar choʻchib ketganini koʻrdim. Hamkasblarim bilan ularga birinchi tez tibbiy yordamni koʻrsatishga harakat qildik. Jarohat olganlarni, barcha bemorlarni shoshilinch tibbiy yordam mashinasida Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yubordik, — deydi poliklinika ftiziatriya boʻlimi mudiri Dilshodbek Xalilov.

Foto: Rustamjon Eshonov

— Dugonalarim bilan ichkarida navbatda turgan edik, — deya voqeani soʻzlab berdi oʻquvchi Ruqiya Abduhalimova. — Shifokorlar shovqin qilmasligimizni iltimos qilishganidan soʻng tashqariga chiqdik. Shunda qozonxonadan tutun chiqayotgandek boʻldi. Eʼtibor bermadik. Pillapoyadan tushganimizdan 2-3 daqiqa keyin birdaniga portlash yuz berdi. Qoʻrqib ketdik. Bir-ikki joyimiz shilindi. Hozir ahvolimiz yaxshi.

Foto: Rustamjon Eshonov

— Tashqarida turgandik, — deydi oʻquvchi Nurillo Abdumannopov. — Birdan gumburlagan ovoz eshitilib, hammayoq tutunga toʻlib ketdi. Orqamdan shisha siniqlari uchib kelgandek boʻldi. Qoʻlimga shikast yetdi.

— Hodisa 26 fevral kuni soat 10:26 da poliklinikaning ftiziatriya boʻlimi joylashgan hududda yuz bergan, — deydi Andijon shahri tibbiyot birlashmasi boshligʻi Tohir Zokirov. — Bu yerda belgilangan reja-jadval asosida shahar xalq taʼlimi boʻlimi tasarrufidagi 4-umumtaʼlim maktabining 9-“G” sinf oʻquvchilari flyuorografiya tekshiruvidan oʻtayotgan boʻlgan. 18 nafar oʻquvchi turli darajada tan jarohatlari olgan. Xizmat koʻrsatayotgan shifokorlarning holati ham yaxshi. Bundan tashqari, poliklinikada boʻlgan yana 10 nafar murojaat qilganlarga qabulxonada ambulator-psixologik yordam koʻrsatilgan. Ayni paytda tegishli tashkilotlar tomonidan tekshiruv, surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Foto: Rustamjon Eshonov

— Bugun soat 11:00 lar chamasida markazimizga markaziy poliklinikada yuz bergan hodisa natijasida 18 nafar bemor olib kelingan, — deydi Respublika shoshilinch tez yordam ilmiy markazi viloyat filiali bosh vrachi Azizbek Mamadiyev. — Bemorlarning uch nafari oʻrta darajada tan jarohati olgan. Ular neyroreanimatsiya boʻlimiga yotqizilgan. Biri oyoq, ikkinchisi yelka qismida jarohati borligi uchun jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. Qolgan 14 nafarining tan jarohati yengil, aksariyat bolalar qoʻrqib ketgan. Ularga birinchi tibbiy yordam koʻrsatilgan. Hozirgi paytda neyrotravmatologiya boʻlimiga yotqizilgan. Bemorlarning barchasi shifokorlarning doimiy nazoratida, belgilangan tartibda muolajalar qilinmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?