Andijondagi poliklinikada isitish qozoni portladi. Vazirlik bayonot berdi

15:02 26 Fevral 2019 Jamiyat
869 0

Illyustrativ foto

Bugun, 26 fevral kuni soat 10:26da Andijon shahar koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi hududidagi “Issiqlik manbai” AJga qarashli isitish qozonining portlashi yuz berdi. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi “Xalq soʻzi”ga maʼlum qildi.

Favqulodda holat oqibatida poliklinikada tibbiy koʻrikdan oʻtayotgan shahardagi 4-umumtaʼlim maktabining 18 nafar 9-g-sinf oʻquvchilari turli darajada yengil jarohat olib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali travmatologiya qabulxonasiga olib kelingan.

Ular zudlik bilan zarur tekshiruvlardan oʻtkazilib, shifokorlar tomonidan shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatildi. 18 nafar bemor kuzatuv ostida boʻlib turibdi. Olib kelinganlardan 4 nafari holati tekshirilib, neyroreanimatsiya boʻlimiga yotqizildi, jumladan, 2 nafar bemorda zudlik bilan jarrohlik amaliyoti oʻtkazildi. 10 nafar qoʻshimcha murojaat qilganlarga ambulator-psixologik yordam koʻrsatilib, uyiga javob berildi.

Jabrlanganlarga tibbiy yordam koʻrsatish, zarur dori-darmonlarni yetkazib berish boʻyicha barcha choralar koʻrilgan.

Vaziyat Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?