Andijondagi “Olimpiya kuni”da 40 ming kishi qatnashdi

18:00 05 Iyul 2019 Sport
621 0

Foto: Xursandbek ARABBOYEV.

Xalq soʻzi Online”. Saminjon Husanov/Andijon. Ertaga, 6-iyul kuni Oʻzbekistonda “Olimpiya kuni” ilk bor Umummilliy xalq sayli tarzida keng nishonlanadi. Joylarda esa bu boradagi tadbirlar allaqachon boshlab yuborilgan. 

Aslini olganda sportning millati ham, tili bitta! U tinchlik, ahillik, birdamlik asosini tashkil etadi. Olimpiya oʻyinlari shu bilan birga begʻarazlik, halollik shiorlari bilan mustahkamlangan. Bundan 125-yil muqaddam baron Pyer de Kuberten tomonidan Olimpiadani tiklashga asos solindi va 1894-yilning 23-iyun kuni Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi (XOQ) tashkil topdi. Unga dastlab 12 ta davlat aʼzo boʻlgan boʻlsa, bugunga kelib bu koʻrsatkich 206 taga yetdi. Ular orasida Oʻzbekiston Respublikasining mavjudligi qalbimizga gʻurur va iftixor tuygʻusini bagʻishlaydi.

“Olimpiya kuni” butun dunyoda keng nishonlanadi. Bu yilgi bayram mamlakatimizda ilk bor Umummilliy xalq sayili tarzida oʻtkaziladi.

Andijon viloyatida boʻlib oʻtgan bayram tadbirida sportning oʻnlab turi boʻyicha chiqishlar namoyish etilgan boʻlsa, sanʼatkorlar dasturi kayfiyatni koʻtardi.

-Aslida har bir kunimiz “Olimpiya kuni” boʻlishi kerak, -deydi viloyat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi xodimasi Feruzaxon Xoʻjamberdiyeva. – Garchi sport bilan muntazam mashgʻul boʻlmasakda, ishga piyoda borib - piyoda qaytish, jamoa bilan badan tarbiya mashqlarini birgalikda bajarish, turli marafon va sport bellashuvlarida faol ishtirok etishimizning oʻzi sportga boʻlgan muhabbatimiz ifodasi. Sport bu sogʻlik-salomatlik, goʻzallik asosi boʻlibgina qolmasdan, bir-birimizni jipslashtiruvchi, birlashtiruvchi omildir.

“Olimpiya kuni” munosabati bilan oʻtkazilgan marafonda 40 ming kishi ishtirok etdi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?