Andijonda yangicha sug‘orish usuli 40 foiz suvni tejashga yordam bermoqda

16:02 11 Iyun 2018 Jamiyat
297 0
Foto: suvloyiha.uz

Bu yil bahorning quruq va salqin kelishi ma’lum miqdorda suvga bo‘lgan tanqislikni yuzaga keltirdi. Buni ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasida yaqqol sezish mumkin. Mavjud muammo tufayli g‘o‘za rivoji o‘tgan yilgiga nisbatan sezilarli darajada ortda qoldi. Shu bois vaziyat suvdan oqilona foydalanib, tejamkorlikka erishishni talab etmoqda. Davlatimiz rahbarining 29 may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ham bu mavzu olg‘a surilib, navbatdagi vazifalar belgilab berilgan edi.

Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanining “Fazliddin umidli yerlari” fermer xo‘jaligida mavjud muammoni bartaraf etish maqsadida ko‘chma egiluvchan polietilen quvurdan foydalanish tajribasi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda “Xalq so‘zi” muxbiri Saminjon Husanov xabar berdi.

“Bu usulda suvni 40 foizgacha tejash mumkin. Odatiy usulda 1 gektar maydondagi g‘o‘zani sug‘orish uchun 1200 kub suv sarflanayotgan bo‘lsa, yangi uslubda 700 kubgacha obi hayot talab etiladi”, - deydi tuman irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Mirodiljon Hasanov.

Bundan tashqari, o‘qariq va shoxariq olinmasligi sababli ko‘chatning nobud bo‘lishi holatiga ham chek qo‘yiladi. Bu esa hosil miqdorining 5-6 foizga isrof bo‘lishining oldini oladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?