Andijonda yana jiddiy yongʻin hodisasi sodir boʻldi

14:28 12 Mart 2019 Jamiyat
214 0

XALQ SOʻZI ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. 9 mart kuni soat 16:30 larda Andijon shahri, Amir Temur shoh koʻchasida joylashgan avtoturargoh hududida 5 tonnalik yoqilgʻi quyish tizimi atrofiga 10 litr benzninning ehtiyotsizlik tufayli toʻkilishi oqibatida yuzaga kelgan yongʻin haqida xabar bergan edi. Joylarda bu kabi koʻngilsizliklarning oldini olish boʻyicha tushuntirish ishlari olib borilayotgan bir paytda kecha yana huddi shu kabi yongʻin hodisasi sodir boʻldi.

Andijon viloyat IIB YOXB matbuot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, voqea 21:09 da yuzaga kelgan.Oradan 8 daqiqa vaqt oʻtib voqea joyiga 12 ta yongʻin oʻchirish avtomobilida maxsus yongʻin oʻchirish guruhi yetib borgan. Soha xodimlarining saʼy-harakati bilan yongʻin 1 soat 18 daqiqada bartaraf etildi. Jabrlanganlar yoʻq.

Dastlabki maʼlumotlarga qaraganda, Oltinkoʻl tumanidagi “Sadda” mahallasida joylashgan “Koʻmakay orzusi” masʼuliyati cheklangan jamiyati hududida 30 tonnalik “MAN”rusumli yuk mashinasidan boʻyoq ishlab chiqarishda qoʻllaniladigan “Nefraz” mahsulotini toʻkish vaqtida elektr statik tokining razryadlanishi holati yuzaga kelgan. Natijada sodir boʻlgan yongʻin tufayli jamiyatga tegishli binoning 150 kvadrat metr tom qismi, maʼlum miqdordagi yengil alangalanuvchi suyuqlik xom ashyosi va tayyor mahsulot yonib ketgan. Shuningdek, hududda mavjud boʻlgan “Damas” yengil avtomashinasi hamda“MAN” rusumli yuk avtomobillari jiddiy zarar koʻrgan.

Ayni paytda yongʻin sabablari atroflicha oʻrganilmoqda.

Suratlar Andijon viloyat IIB YOXB Matbuot xizmati tomonidan taqdim etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?