Andijonda uka oʻz opasining qotiliga aylandi

10:05 13 Oktyabr 2020 Jamiyat
5409 0

Andijon shahrida istiqomat qiluvchi Umidjon Umarov opasi Shaxnozaning umriga zomin boʻldi. Jinoyat izini yashirish maqsadida onasi va ukasi ishtirokida murdani oʻzlari istiqomat qilayotgan xonaga koʻmib yubordi. Kuni kecha   jinoyat ishlari boʻyicha Andijon viloyat sudida ushbu masala koʻrib chiqildi.

Voqea 2018-yilning 2-yanvar kuni boʻlib oʻtgandi. 2017-yilda turmushidan ajrashgan andijonlik Shaxnoza Umarova tirikchilik vajidan fohishalik bilan shugʻullanishni kasb qilib oldi. Axloqsiz erkaklar bilan munosabati davomida ichkilik va tamaki chekishni oʻrgandi. Yana ham achinarlisi, bu voqealarning barchasi oʻz onasi, ukasi va jiyanlari bilan birgalikda istiqomat qilayotgan xonadonda roʻy berardi.

Oʻsha kuni uyiga nomaʼlum erkakni taklif qildi. Bir xonada oʻtirib ovqatlanishdi. Koʻngilxushlikdan soʻng erkak ketmoqchi boʻldi. Shaxnoza “mehmon”ni kuzatib qoʻyishni jiyani Sherzodga buyurdi. Bolakay begona togʻani kuzatib kirgach, ayol uni soʻroqqa tutdi.

— Menga qara, koʻchada qoʻshnilar bor ekanmi?

— Ha, bor ekan.

— Ular bu kishi kim edi, deb soʻrashgandir? Nima deb javob berding?

U kishini tanimasligimni aytdim.

Sherzodning ushbu javobi ayolning figʻonini koʻkka koʻtardi. Nima uchun togʻam boʻladi, deb aytmading, deya uni qoʻliga kirgan buyum bilan urdi. Kapgirni olib, beliga zarb berdi. Qoʻliga kirgan oʻqlovni orqa peshoviga tiqishga urindi. Bolaning azoblanishiga befarq qarab tura olmagan ayolning onasi ularning oʻrtasiga tushdi. Oʻz onasiga ham tinchlik bermagan  Shaxnoza koʻchaga chiqib, sigaret va aroq olib kelishini buyuradi. Shu payt xonaga kirib kelgan ukasi Umidjon vaziyatni shu zahoti tushunadi. Onasi va jiyanini uydan chiqarib yuborib, opasini doʻpposlay boshladi. Aslida ayolning taʼzirini berib qoʻygisi, shu tariqa tavbasiga tayantirib qoʻymoqchi boʻldi. Biroq, hammasi oshib ketdi. Ayolning egnidagi kiyimini yechib olib, uning oyoq-qoʻlini bogʻlagan yigit Shaxnozaning duch kelgan joyiga tepa boshladi. Ogʻzi-burni qonga toʻlgan opasiga rahm qilib oʻtirmadi. Uni shu ahvolda yerdan koʻtarib, yerga tashladi. Shuncha azob, shuncha jarohatdan soʻng opasi voqea joyining oʻzida hayotdan koʻz yumdi.

Qotillik jinoyatini yashirishga uringan yigit shu xonaning oʻzida bir metrlik chuqur kovladi. Uni koʻmishga onasi va jiyani yordam berdi. Uchchovlon xonani tartibga keltirib, boʻlib oʻtgan voqeani hech kimga aytmaslikka kelishib oldilar.

Yopilgan qozon maʼlum vaqtgacha yopiqligicha qolishi mumkin edi. Biroq, yigit tinchini yoʻqotdi. Tushlariga opasi kirib chiqadigan boʻldi. Xalovatidan ayrilgach, oilasi bilan boshqa uyga koʻchib oʻtishga majbur boʻldi. Boʻlib oʻtgan voqealarni turmush oʻrtogʻiga aytib berdi. Shu tariqa koʻngli biroz boʻlsa-da, taskin topar, deb oʻylagan edi. Lekin ayoli bu ahvolda yashab boʻlmasligini tushundi. Ichki ishlar boʻlimiga xabar berib, erining qotilligidan ogoh etdi.

Shu yilning 9-oktyabr kuni jinoyat ishlari boʻyicha Andijon viloyat sudida Umidjon Umarovning jinoyat ishi atroflicha koʻrib chiqildi va unga 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Oila jamiyatning kichik boʻlagi, deymiz. Demak, oiladagi muhit biz yashayotgan jamiyatga juda katta taʼsir koʻrsatadi. Shunday ekan, bu muqaddas maskanda faqat yaxshilik, ezgulik va mehr-oqibat mujassam boʻlmogʻi darkor.

Voqea yuzasidan fikr bildiradigan boʻlsak, axloqsizlik ayolni oʻzi tanlagan qismat domiga tortdi. Jinoyatchilar qilmishiga yarasha jazosini oldilar. Biroq, oiladagi nosogʻlom muhit bilan kim shugʻullanadi? Bu oilada vaqti kelib yana shu kabi mudhish voqea yuzaga kelmasligiga kim kafolat beradi? Shunday ekan, bu kabi oilalar bilan shugʻullanishni mutasaddi idoralar vakillarigagina topshirib qoʻymay, qoʻni-qoʻshni, mahalladoshlar ham eʼtiborliroq boʻlmoqlari shart. Toki, inson insonning koʻzgusidir, deydilar. Biz oʻsha koʻzguga boqqanimizda nigohimiz faqat yaxshi amallardan porlasin.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?