Andijonda shifokorga suiqasd va benzin sepish voqeasi yuzasidan SSV axborot berdi

15:15 22 Avgust 2019 Jamiyat
269 0

Sogʻliqni saqlash vazirligi shu yil 21-avgust kuni Andijon viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markazida shifokorlarga bemorning qarindoshi tomonidan suiqasd uyushtirilishi, shifokorlar xonasiga benzin sepib, xonaga oʻt qoʻyib yuborishga uringanlik holatini ming afsus bilan qayd etadi. Bu haqda vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi maʼlum qildi.

Maʼlumki, vazirlik jamiyatimizda fuqarolarning shifokorlarga tajovuz qilish kabi noxush holatlarning oldini olishning eng samarali yoʻllaridan biri sifatida tibbiyot xodimiga nisbatan sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar uchun qatʼiy javobgarlikni kuchaytirish lozimligini muntazam taʼkidlab keladi.

Shundan kelib chiqqan holda, bundan bir muddat oldin Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tayyorlangan “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan edi. Mazkur loyiha bilan oʻz xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga bemor va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan gʻayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi yoki ularga tan jarohati yetkazilishidan iborat qilmishlarni Jinoyat kodeksining bezorilik uchun javobgarlikni koʻzda tutuvchi 277-moddasi bilan kvalifikatsiya qilish hamda ushbu harakatlarni ogʻirlashtiruvchi holat sifatida baholash taklif etilgan edi. Kuni kecha Andijonda sodir etilgan voqea ham ushbu loyiha qabul qilinishi nihoyatda dolzarbligini yana bir bor koʻrsatdi.

Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vaziri shifokorlarning haq-huquqlari himoyasini kuchaytirish maqsadida Oʻzbekiston Bosh prokuraturasiga ham murojaat bilan chiqqan edi. Unga koʻra, oʻz xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga bemor va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan gʻayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi yoki ularga tan jarohati yetkazilishidan iborat qilmishlar uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish tashabbusi ilgari surilgan.

Tibbiyot xodimlarigi tajovuz qilish holatlarining sodir etilishini asosiy sabablaridan biri jamiyat va xalqqa tunu kun xizmat qilayotgan shifokorlarga nisbatan tajovuz qilganlik uchun koʻzda tutilgan jinoiy jazolarning birmuncha liberalligidir. Oqibatda esa hech bir aybi boʻlmagan tibbiyot xodimining sogʻligʻiga tiklab boʻlmaydigan darajada zarar yetkazgan shaxslar ham ayrim hollarda amalda hech qanday jazo oʻtamasdan qolib ketayotganini qayd etib oʻtmasdan ilojimiz yoʻq.

Shu bois, Sogʻliqni saqlash vazirligi Oliy Majlisga shifokorlar haq-huquqlari himoyasini yanada mustahkamlash maqsadida amaldagi qonunchilikni yanada kuchaytirish, shuningdek, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi kabi qator huquqni muhofaza qilish organlaridan fuqarolarning shifokorlarga tahdid va tajovuz qilish kabi holatlarning oldini olish va bartaraf etish borasida jiddiy va keskin choralar koʻrib borishlarini, bu borada profilaktika ishlarini yana kuchaytirishlarini qatʼiy soʻrab qoladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?