Andijonda Sharda universitetining filiali tashkil etiladi

21:12 15 Yanvar 2019 Jamiyat
2049 0

Ayni paytda Hindistonning Yangi Dehli shahrida xizmat safarida boʻlib turgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya ilk kelishuvga erishdi.

Rasmiy tashrifning dastlabki kunida Sharda universiteti bilan memorandum imzolandi. Unga koʻra, ushbu nufuzli universitet viloyatda oʻz filialini ochadi va 100 million AQSH dollarilik investitsiya kiritadi.

Ikki davlat oʻrtasidagi bu kabi hamkorlik aloqalari natijasida viloyatga kirib kelishi kutilayotgan investitsiyalar, eng avvalo, ish oʻrinlarini yaratish, hudud iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtamiz: Sharda universiteti Hindiston Respublikasining Katta Noida shahrida joylashgan boʻlib, unda 20 ming nafardan ortiq talabalar muhandislik, tibbiyot, tillar tadqiqoti, menejment boshqaruvi, sanʼat, arxitektura hamda boshqa koʻplab mutaxassisliklar boʻyicha tahsil olishadi. Universitet dunyoning 110 dan ziyod xorijiy oliygohlari bilan shartnoma va kelishuvlarga erishgani sababli Hindiston Respublikasidagi eng koʻp xorijiy talabalarga ega boʻlgan oʻquv maskani sanaladi.

Saminjon Husanov, “Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?