Andijonda serjantlar forumi tashkil etildi

18:04 28 May 2019 Jamiyat
354 0

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tashabbusi bilan mamlakatimizning yana bir manzilida – Andijon viloyati Andijon shahrida “Birgalikda kuchlimiz” shiori ostidagi “Serjantlar forumi” tashkil etildi. Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbus doirasida oʻtkazilayotgan tadbirlardan biri boʻlgan Serjantlar forumi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida xizmat qilayotgan serjantlar bilan doimiy hamkorlikni oʻrnatish, yangi innovatsion gʻoya va fikrlarni amalga tatbiq etish, kelgusidagi vazifa hamda topshiriqlarni birgalikda bajarish, oʻzaro birlashish maqsadlariga qaratilgandir.

Yoshlar markazida start olgan forumda Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Bojxona qoʻmitasida xizmat oʻtayotgan serjantlar, davlat va jamoat tashkilotlarining vakillari, shuningdek Yoshlar ittifoqining “Fidokor yoshlar“ aʼzolari ishtirok etdilar.

Harbiy xizmatchilarning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda yangicha yondashish takliflari bildirilgan Serjantlar forumida Andijon viloyati hokimi oʻrinbosari Oʻ.Shukurov, viloyat Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi M.Yunusova, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Andijon viloyat Kengashi raisi O.Yoʻldoshev, viloyat Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boshligʻi M.Gʻofurov, Milliy gvardiya qoʻmondonligi hamda Markaziy apparati mutasaddi rahbarlari va boshqa hamkor tashkilot rahbarlari ishtirok etdilar.

“Serjantlar forumidan asosiy maqsad – bu harbiy xizmatchilarimizga yurtimizda boʻlib oʻtayotgan siyosiy, iqtisodiy jarayonlarni, Oliy Bosh Qoʻmondonimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini toʻliq yetkazib berishdir” – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondonining oʻrinbosari.

Serjantlar forumining kun tartibiga bir qator tadbirlar kiritilgan boʻlib, ularning barchasida Qurolli Kuchlar harbiy xizmatchilari oʻz mahoratlarini namoyish etdilar. Xususan, Serjantlar forumining ochilishiga bagʻishlangan press-klubda Milliy gvardiya serjanti Sh.Xusainov serjantlar kengashlarining faoliyati va takliflari yuzasidan ingliz tilida maʼruza qilgan boʻlsa, shartnoma asosida xizmat qilib kelayotgan oddiy askar S.Baxritdinov Andijon viloyatidagi boʻlinmalarga biriktirilgan 35-sonli maktabda sportning karate turi boʻyicha tashkil etgan toʻgarak faoliyati bilan tanishtirib oʻtdi.

Ikki kun davom etgan forumda serjantlar jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha xizmat oʻtashga tayinlangan harbiy xizmatchilar bilan uslubiy-amaliy yoʻriqnoma mashgʻulotlarini olib bordilar, otliq kavaleriya boʻlinmalarining xizmat oʻtash davomida qoʻllaydigan amaliy harakatlari, maxsus operatsiya bajarish chogʻidagi harakatlar texnikasi, Mirzo Bobur hayoti va ijodiga oid burchagi hamda boshqa koʻrgazmalar bilan tanishdilar. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari uchun turli vaziyatda garovga olinganlarni ozod qilish boʻyicha maxsus operatsiyalarning koʻrgazmali-amaliy mashgʻuloti namoyishi boʻlib oʻtdi.Fidokor yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javoblar va duch kelgan muammoli vaziyatlarga toʻgʻri yoʻnalishda maslahatlar oldilar.

Boʻlib oʻtgan Forum serjantlar va Fidokor yoshlarning bir maqsad sari bir tan-u bir jon boʻlib, Vatan osoyishtaligi, yurtimiz rivoji yoʻlida yuqori marralarga erishishdagi oʻzaro hamkorlik, birdamlik bilan qoʻyilgan qadamni aks ettirdi.

Nafosat Zafarova, Milliy gvardiya matbuot xizmati yetakchi mutaxassisi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?