Andijonda salkam 30 km.lik velosiped yo‘laklari tashkil etiladi

10:36 21 Iyun 2018 Jamiyat
922 0
Foto: Facebook / Shuhratbek Abdurahmonov

Andijon shahridagi 7 ta markaziy ko‘chalarda velosipedchilar uchun umumiy 28,6 km uzunlikdagi yo‘lakchalar tashkil qilinadi. Bu haqda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning Facebook‘dagi sahifasida ma’lum qilingan.

Qayd qilinishicha, rejaga ko‘ra, bir tomonlama yo‘lakchalarning eni 2,25 metr, ikki tomonlama yo‘lakchalarniki 3,25 metr bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, Andijon shahrida 425 ming aholi istiqomat qiladi. Shaharda qariyb 40 mingga yaqin avtotransport vositalari mavjud. Viloyat miqyosida esa 187 mingta avtoulov bor.

“Qatnovning ko‘pligi, atrof-muhit musaffoligini saqlash masalasi piyoda yoki ekologik toza transport vositasida harakatlanishni keng targ‘ib qilishni taqozo etadi. Misol uchun Xitoyda deyarli 70 foiz aholi velosipeddan foydalanadi”, deyiladi xabarda.

Dastlabki bosqichda 500 ta zamonaviy velosipedlar olib kelinib, 20 ta prokat maskani tashkil qilinadi va barcha maskanlar yagona elektron tizimga ulangan holda ishlaydi. Bundan tashqari ushbu yo‘nalishda axborot texnologiyalarini keng qo‘llagan holda velosipedlarni ijaraga olishdan tortib uni to‘lovlari to‘liq avtomatlashtiriladi. Bu borada viloyat hokimi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish boshqarmasiga aniq takliflarni ishlab chiqish va bu yo‘nalishda xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish bo‘yicha topshiriqlarni berdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?