Andijonda xorijiy universitet faoliyati tashkil etiladi

17:14 11 Aprel 2019 Jamiyat
306 0

Oʻzbekistonda Sharda universitetini tashkil etish toʻgʻrisidagi Prezident qarori (PQ-4278-son, 10.04.2019 y.) qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq Andijon viloyatida tashkil etiladigan Universitetda oʻqitish Oʻzbekistonning davlat taʼlim standartlari talablarini hisobga olgan holda Sharda universiteti (Hindiston Respublikasi) taʼlim dasturlari asosida ishlab chiqilgan oʻquv rejalari va dasturlari boʻyicha amalga oshiriladi.

Universitetda elektr muhandisligi, axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik, kompyuter tizimlariga xizmat koʻrsatish, elektronika, kommunikatsiya injiniringi, biznes-menejment va talab yuqori boʻlgan taʼlimning boshqa yoʻnalishlarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanadi.

Universitetda taʼlim faoliyati 2019–2020 oʻquv yilidan boshlanadi.

Abituriyentlar qabuli va Universitet bitiruvchilarini attestatsiyadan oʻtkazish muassis (“Sharda Educational Trust” taʼlim trasti) tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Universitetda taʼlim olish ingliz, oʻzbek, va rus tillarida kunduzgi shaklda, toʻlov-kontrakt asosida hamda Universitet bitiruvchilarining potensial ish beruvchilari – yuridik shaxslar tomonidan taqdim etiladigan taʼlim grantlari boʻyicha, shuningdek, yoshlarning taʼlim olishi uchun avvalo mamlakat hududlari tomonidan ajratiladigan xayriya ehsonlar hisobiga amalga oshiriladi.

Universitetda taʼlim berish va oʻquv jarayonini tashkil etish uchun malakali xorijiy professor-oʻqituvchilar jalb etiladi.

Universitet bitiruvchilariga Oʻzbekiston va Hindistonda oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida eʼtirof etiladigan diplom beriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?