Andijonda ikki gektarlik banan bog’i barpo etildi

11:37 25 Aprel 2018 Iqtisodiyot
4875 2
Foto: ua.all.biz 

Asaka tumanida tashkil etilgan “Sabo hamkor” mas’uliyati cheklangan jamiyatida banan bog’i barpo etildi. 

Ikki gektar maydonda barq ura boshlagan “Karlikoviy Kavendish” navli bu ko’chatning boshqa turdoshlaridan farqli jihati shundaki, u shu yilning o’zida meva bera boshlaydi. Shirinligi va quvvatlilik darajasining yuqoriligi bilan ajralib turadi. 

— Ayni paytda issiqxonamizga 5000 tup ko’chat ekildi, — deydi korxona rahbari Muhammadjon Dadajonov. — Ularning har biridan 40-50 kg.gacha hosil olish mumkinligini inobatga olsak, demak, 2 gektar maydondagi bog’dan 300 tonna banan terib olsa bo’ladi. Bir yilda 300-400 ming AQSh dollari miqdoridagi hosilga umidvormiz. 

Indoneziya davlatida o’suvchi bu o’simlik tez ko’payishi bilan ham ahamiyatlidir. U har yili beshtagacha ko’payadi. Demak, kelgusi yili bog’ hajmi 5 barobarga ortib, ko’chatlar soni 25 mingtaga etishi mumkin. Bu esa viloyatning har bir tumanida mana shunday bog’larni tashkil etish imkonini beradi. Loyihadagi ishlar rejaga binoan amalga oshsa ikki-uch yilning o’zida Andijon viloyatining banan mevasiga bo’lgan ehtiyoji qondirilib, import o’rniga eksport faoliyatini yo’lga qo’yish mumkin bo’ladi.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq so’zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?