Andijonda diniy aqidaparastlik gʻoyalarini internet orqali tarqatganlarga jazo tayinlandi

14:21 02 Mart 2019 Jamiyat
852 0

Illyustrativ foto

Andijon shahri Maydonbozor mahallasida yashovchi 27 yoshli N.Vohidov internetda – Telegram messenjerida “Billo Vohidov” profilini ochib, diniy aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan maxsus nomlangan maʼruzani “Doʻstlarim” nomi bilan tashkil etilgan virtual guruh aʼzolariga tarqatgan.

OʻzA xabariga koʻra, u bu harakati bilan yurtimizdagi koʻplab yoshlarning ongini zaharlashga uringan.

Andijon tumani Yangiobod mahallasida yashovchi J.Qobilov esa qirq yoshni qoralagan, uch farzandning otasi. U ham oʻzining uyali telefoni hamda kompyuter orqali “odnoklassniki.ru” ijtimoiy tarmogʻida oʻziga notanish profil egalaridan biri bilan doʻstlashadi. Tanishi yomon ish emas, lekin notanish profil egasi tomonidan yuborilgan jihod va shahidlikka daʼvat qiluvchi, diniy aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan audio va video maʼruzalarini tinglab, ularni “Doʻstlar” guruhidagi shaxslarga tarqatgan.

Andijon shahar Maishiy xizmat kasb-hunar kollejida Jinoyat ishlari boʻyicha viloyat sudi raisi oʻrinbosari Adhamjon Mirzayev raisligida boʻlib oʻtgan sayyor sudda yuqoridagi shaxslarning jinoiy ishi koʻrib chiqilib, ularga nisbatan tegishli jazo belgilandi.

Sud hukmiga koʻra, ularning har ikkalasiga besh yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Lekin sud insonparvarlik tamoyillarini, ularning oʻz qilmishlaridan pushaymonligini inobatga olib hamda mahalla fuqarolar yigʻini, ota-onalari kafilligi bilan jazoni shartli deb belgiladi, ularga 3 yil sinov muddati berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?