Andijonda 56 nafar oʻqituvchi koronavirusdan davolanmoqda

14:16 19 Sentyabr 2020 Jamiyat
241 0

Respublikamizda yangi oʻquv yilining boshlanishi eng avvalo, ota-onalarni quvontirgan boʻlsa, ularning tashvishlanishiga ham sabab boʻldi. Zero, pandemiya sharoitida hech kim farzandining aziyat chekishini istamaydi. Ayniqsa, oʻqituvchilarning koronavirus yuqtirib olganligi toʻgʻrisidagi xabarlari xushyorlikka chorlaydi.

Andijon viloyatida bu boradagi vaziyat qanday? Maktablar yangi oʻquv yiliga qanday tayyorgarlik koʻrdiyu, bu yerlarda karantin qoidalariga qay darajada rioya etilmoqda? Oʻqituvchilar oʻquvchilar salomatligini himoya qilishga astoydil bel bogʻlagan bir kezda oʻzlarining sogʻligini qay darajada himoyalay olmoqdalar?

Maʼlum boʻlishicha, shu kunagcha 96 nafar oʻqituvchilarda koronavirus aniqlangan. Olib borilgan tibbiy muolajalar natijasida ularning 40 nafari batamom sogʻaygan va xizmat faoliyatini davom ettirishga loyiq, deb topilgan. Ayni paytda 56 nafar ustoz koronavirusdan davolanmoqda.

Maktablarda karantin qoidalariga rioya etish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Jumladan, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tomonidan har bir maktab antiseptik va harorat oʻlchovchi vositalar bilan taʼminlandi. Sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish uchun zarur boʻlgan sharoitlar yaratildi. Ayniqsa, toza ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi 100 foizga yetkazildi.

Aytish joiz, viloyatda 764 ta maktablar mavjud boʻlib, ularning 61 tasida 7-sentyabr kunidan boshlab sinov tariqasida oʻqishlar boshlangan. Xalq deputatlari viloyat kengashi tomonidan boshqa taʼlim muassasalaridagi sharoitlar atroflicha oʻrganib chiqildi va 15-sentyabrdan boshlab yana 383 ta maktab faoliyatini boshlashiga ruxsat berildi.

Maktablarda oʻqish jarayonlari qatʼiy intizom va qattiq nazorat ostida olib borilmoqda.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?