Andijonda 168 mlrd. soʻmdan ortiq soliq qarzlari mol-mulk hisobidan undirildi

19:05 01 Noyabr 2018 Jamiyat
591 0

Andijon viloyatining Boʻz tumanida faoliyat yurituvchi “Bunyodkor madad hamkor” masʼuliyati cheklangan jamiyatining byudjet va byudjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalardan boʻlgan 204 mln. 966 ming soʻmlik soliq qarzini undirish maqsadida xatlangan “HOWO” rusumli yuk avtotransport vositasi auksion orqali 379 mln. 714 ming 720 soʻmga sotildi.

Bu haqda Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi xabar bermoqda.

Xoʻsh, buncha qarzdorlik qayerdan vujudga keldi? 2016 yilda korxonada oʻtkazilgan tekshirishda soliq qonunchiligi buzilganligi ayon boʻldi. Andijon viloyati xoʻjalik sudining 2017 yil 9 yanvardagi hal qiluv qarori bilan 187 mln. 753 ming soʻm moliyaviy jarima qoʻllanilib, uni ixtiyoriy toʻlash uchun “Bunyodkor madad hamkor”ga 30 kunlik muddat berilgan edi. Biroq jamiyat ushbu summani toʻlashni paysalga soldi.

Sud soʻnggi chora – qarzdorlikni mol-mulk hisobidan undirish boʻyicha ijro varaqasi chiqardi. Hujjatlar asosida Majburiy ijro byurosi tuman boʻlimi bilan hamkorlikda jamiyatga tegishli “HOWO” rusumli yuk avtotransporti auksionda 379 mln. 714 ming soʻmga sotish orqali qarzdorlik toʻliq undirib olindi.

“Ayrim tadbirkorlik subyektlari majburiyatini toʻliq his qilmayotganligi davlat soliq xizmati organlari xodimlarini soʻnggi chorani qoʻllashga majbur qilmoqda. Hozirgi kungacha viloyat boʻyicha 168 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻ qarzdorlarning mol-mulki hisobidan undirildi”,– deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi boʻlim boshligʻi Muhammadmirzo Noʻmonov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?