Andijon viloyatida 53 ming 536 nafar xotin-qizlar bandligi taʼminlandi

12:15 25 Iyul 2020 Jamiyat
162 0

Respublikamizda xotin-qizlarni ijtimoiy himoyalash, ularni moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, bandligini taʼminlash masalasi har doim muhim vazifa hisoblangan. Shu bois bu boradagi ishlar koʻlami kundan-kunga kengayib bormoqda. Jumladan, Andijon viloyatida 77 ming nafardan ziyod xotin-qizlar ishsizligi qayd etilgani holda yil oxiriga qadar ularning 37 ming 458 nafarini doimiy ish bilan taʼminlash orqali ijtimoiy holatini yaxshilash rejalashtirilgan edi. Olib borilgan izchil islohotlar natijasida shu kungacha foydali ijtimoiy mehnat bilan band etilgan opa-singillarimiz soni 53 ming 536 nafarni tashkil etmoqda. Bu borada viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi asosida ishga tushirilayotgan korxonalarning ham ahamiyati katta boʻlmoqda. Karantin qoidalariga zid boʻlmagan holda mehnat sharoitini yaratgan ana shunday 33 ta korxonada xotin-qizlar uchun 3 ming 803 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Qoʻshimcha tomorqa ajratish, bugʻdoydan boʻshagan maydonda aholi uchun dehqonchilik yaratish imkonining vujudga kelishi va bogʻlardagi koʻchatlar oraligʻidagi ekin maydonlarida poliz hamda tomorqa ekinlarini parvarishlash evaziga 26 ming nafar uy bekalarining qoʻshimcha daromad manbaiga ega boʻlishi viloyatda bu borada har qanday imkoniyatlardan unumli foydalanilayotganidan dalolatdir.

Oʻzbek ayoli azal-azaldan hunarmandchilikning hadisini olgan. Ular tomonidan tayyorlangan tikuvchilik, kashtachilik, zardoʻzlik mahsulotlari Buyuk ipak yoʻli orqali jahonda oʻz xaridoriga ega boʻlgan. Bugungi kunda ham ushbu yoʻnalishda mehnat qilib, nafaqat, oʻzini, balki yon-atrofdagilarini ham ish bilan taʼminlash ishtiyoqiga ega boʻlganlar juda koʻp. Buning uchun ularga imkoniyat yaratish, moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash kifoya. Viloyatda ana shu maqsadda mahalliy tijorat banklari tomonidan 1906 nafar ayolga 139 mlrd. soʻmdan ziyod kredit mablagʻlari ajratildi. Shuningdek, “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 2046 nafar xotin-qizlarga 58 mlrd. soʻm kredit evaziga 2816 ta ish oʻrni tashkil qilindi. Hunarmandchilik va “usta-shogird” anʼanasi asosida 12,5 mlrd. soʻm kredit mablagʻlari hisobiga 5555 ta ish oʻrni yuzaga keldi.

Xoʻsh, bu borada yana nima ishlar qilish mumkin? Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning viloyat xotin-qizlari bilan uchrashuvida ana shu savolga javob izlandi. Andijon shahridagi Yoshlar markazida boʻlib oʻtgan tadbirda bu boradagi takliflar tinglandi, muhokama qilindi, ilgʻor ish uslublari oʻrtoqlashildi. Tadbir shunchaki rasmiyatchilik uchun oʻtkazilmadi, u amaliy ishlarga, xulosalarga, natijalarga boy boʻldi. Misol uchun, muloqot jarayonida ishtirok etgan aksiyadorlik-tijorat “Xalq banki” oʻz imkoniyatidan kelib chiqqan holda 114 nafar hamda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan taqdim etilgan mablagʻlardan 20 nafar tadbirkor ayolga imtiyozli kredit olish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirildi.

— Viloyat hokimligi koʻmagi bilan muqaddam 50 nafar oʻrinli 2 ta uy bogʻchasini tashkil etgandim, — deydi Buloqboshi tumanilik tadbirkor Gulsoraxon Qosimova. — Endilikda tumanimizda ayollar sogʻlomlashtirish markazi faoliyatini yoʻlga qoʻymoqchiman. Buning uchun 30 million soʻm miqdoridagi kredit mablagʻi kerak. Tadbir davomida fikrimni tinglagan viloyat hokimi mutasaddilar bilan kelishgan holda amaliy yordam berishga qaror qildi.

Tadbir davomida shuningdek, ijtimoiy yordamga muhtoj, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan opa-singillarimiz xolidan xabar olish, ularga madad boʻlish ishlarini rivojlantirish yuzasidan ham tegishli choralar belgilandi.

Anjumanda bajarilishi kerak boʻlgan muhim masalalar belgilab olinib, zudlik bilan amaliy ishga kirishildi.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?