Andijon viloyati hokimligi: “Dacha qurilishiga hech qanday korxona, tashkilot va byudjet tashkilotlari xodimlari jalb etilmagan”

11:49 05 Avgust 2019 Jamiyat
319 0

Kecha ijtimoiy tarmoqlar orqali “Andijon hokimligi tomonidan Xonobod shahriga viloyat hududidagi xususiy korxonalar va byudjet tashkilotlarini jalb etish boʻyicha aks ettirilgan buyruq” nomli xabarlar tarqaldi.

Andijon viloyat hokimligi maqolada keltirilgan hujjatlarni soxta ekanligini bildiradi. Viloyat hokimligidagi har bir hujjat, joylarga ijro uchun yuborilishidan oldin, roʻyxatga olinib, maxsus daftarga qayd etib boriladi. Biroq maqolada koʻrsatib oʻtilgan “Xabarnoma” hokimlik tomonidan roʻyxatga olinmagan va qayd etish daftarchasida mavjud emas. Aynan 4-avgust kuni Xonobod shahrida hech qanday yigʻilish boʻlib oʻtmagan, hech qanday hasharchilar kelib majburiy mehnatga jalb etilmagan. Viloyat hokimligi, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Xabarnoma”da viloyat hokimi imzosi bilan berilgan xabarlarni yolgʻon deb biladi va uni butunlay inkor qiladi.

Darhaqiqat, ayni vaqtda Xonobod shahrida 38 gektar maydonda bir vaqtning oʻzida 3 ming nafar mijozni qabul qilish imkoniyatiga ega boʻlgan 1000 ta dala-hovli, ochiq va yopiq suv havzalari, milliy choyxona va zamonaviy restoranlar, sport maydonlari, qoʻyingki, dam olish uchun zarur boʻlgan barcha sharoitlar ega turistik zonani barpo etish uchun bunyodkorlik ishlari qatorida hudud infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida, elektr energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy gaz quvurlarini tortish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunda Xontogʻ hududida qurilayotgan 2 sotixdan iborat dala-hovlilar Andijon viloyati hududidagi quruvchi tashkilotlar, tadbirkorlar va ishbilarmonlarga oʻz mablagʻlari evaziga, oʻzlari istagidagi loyihalar asosida barpo etilmoqda. Buning uchun yer uchastkalari Xonobod shahar hokimligi tomonidan ajratib berilgan. Shu bois mazkur qurilish ishlariga hech qanday korxona, tashkilot va byudjet tashkilotlari xodimlari jalb etilmagan.

Yuqoridagilarga asosan bu kabi uydirma xabarlar, Andijon viloyati hokimligi va hokimini obroʻsizlantirishga qaratilganini inobatga olib, viloyat hokimligi ushbu xabarni feyk va yolgʻon xabar deb qabul qilishilarini soʻraydi.

Andijon viloyati hokimligi Xonobod shahridagi qurilish ishlari bilan tanishish istagini bildirgan respublikamizdagi barcha ommaviy axborot vositasi xodimlarini, internet jurnalistlari va blogerlarni Xonobod shahriga kelib qurilish jarayonlari bilan tanishishga taklif qiladi. Yaqin kunlarda viloyat hokimligi tomonidan Xonobodda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini keng ommaga yoyish maqsadida press-tur tashkil qilinishi koʻzda tutilgan.

Andijon viloyati hokimligi oʻz hududida har qanday majburiy mehnat alomatlariga yoʻl qoʻymaydi va buni qatʼiy nazorat ostiga olgan.
Maʼlumki, Andijonda tashkilotlarga yuzlab odamlarni dacha qurilishiga olib chiqish buyurilganiga oid shoshilinch xabarnoma haqidagi xabar bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?