Andijon viloyati hokimi nega yoshlar bilan qurilish maydonida uchrashdi?

17:22 06 Yanvar 2020 Jamiyat
631 0

“Xalq soʻzi ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning yoshlar bilan uchrashuvi boʻlib oʻtishini eshitgan yigitlar “Yoshlar markazi” atalmish salobatli saroyiga qora kostyum-shimga galstukka taqqancha tashrif buyuramiz, deb oʻylaganlari rost. Ammo uchrashuv Xoʻjaobod tumanidagi adirlik yonbagʻrida boʻlishi haqidagi xabar tarqaldi. Egniga ishchilar kiyimini kiygan 400 nafar yoshlar shu kuni hokimni yana bir katta loyiha qurilishi maydonidan topdilar.

— Viloyatimizda olib borilayotgan ishlarni oʻz koʻzingiz bilan koʻrib, baho bering, kerak boʻlsa unda ishtirok eting, degan maqsadda sizlarni shu yerga taklif qildim, — deydi viloyat hokimi. — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 27-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda oʻtkazgan yoshlar bilan uchrashuvida “2020-yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish boʻladi”, degan soʻzlari, umid qilamanki, Andijon viloyati misolida oʻzgacha ifoda topadi.

Uchrashuv davomida viloyat rahbari yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar, taʼlim olishlari, mehnat qilishlari uchun vujudga kelayotgan imkoniyatlar, bilim va salohiyatini namoyish etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida soʻzlab berdi. Oʻz yutuqlari haqida gʻururlanib hikoya qilgan yoshlarning muvaffaqiyati esa boshqalarga ibrat boʻldi:

— Yakunlangan yilda Malayziyada oʻtkazilgan karate boʻyicha Osiyo chempionatida gʻolib boʻldim, — deydi Osiyo chempioni Aslbek Madaminov. —Bu yutugʻim Prezidentimiz tomonidan yuqori baholanib, grant asosida Toshkent davlat yuridik universitetiga oʻqishga qabul qilindim. Men qatori yana 76 nafar andijonlik tengdoshlarim shunday baxtga sazovor boʻldilar. Davlatimiz tomonidan biz yoshlarga shu qadar keng imkoniyatlar yaratib qoʻyilgan ekan, nima uchun undan unumli foydalanmasligimiz kerak! Nasib boʻlsa, bundan keyin ham yurtimiz islohotlar jarayonida faol ishtirok etamiz.

Shu kuni yoshlar adirlik yonbagʻrida barpo etilayotgan katta ishlab chiqarish korxonasi qurilishi bilan yaqindan tanishib, uning atrofida oʻz qoʻllari bilan bogʻ barpo etdilar. Ularning qoʻli bilan ekilgan minglab koʻchatlar kelgusida hududning ekologik himoyasini taʼminlaydi.

Rustamjon ESHONOV olgan surat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?