Andijon viloyati hokimi: “Xalqimiz bugungi kunidan minnatdor boʻlmogʻi kerak”

09:19 27 Avgust 2020 Jamiyat
607 0

Davr shiddat bilan oʻzgarib bormoqda. Kechagi Oʻzbekistonni yangi Oʻzbekiston bilan qiyoslab boʻlmaydi. Har sohada istiqbolli bosqichga qadam qoʻymoq bugungi kunning eng muhim vazifasiga aylandi. Zero, amalga oshirilayotgan xayrli ishlar zamirida xalqimiz turmush tarzini yaxshilash, mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish maqsadi mujassam. Bu kabi keng qamrovli ishlar tabiiyki, mahalliy hokimlik vakillari zimmasiga ham ulkan vazifalarni yuklash bilan bir qatorda masʼuliyatni ham talab etadi. Soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamdagi islohotlar natijasida mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyati tubdan oʻzgarmoqda, har bir rahbar va xodimning masʼuliyati sezilarli darajada ortmoqda, barcha sohalarda tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilmoqda. Ochiqlik, xalq bilan doimiy muloqotlar, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish ustuvorligi kabi masalalar kunlik faoliyatning tarkibiy qismiga aylandi. Bu esa, hududlarda ijtimoiy vaziyatning barqarorligini taʼminlashga, iqtisodiy taraqqiyotga erishishga xizmat qilmoqda. Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov bilan suhbatimiz shu mavzuda boʻldi.

— Tan olish kerak, bugun butun dunyoda hukm surayotgan pandemiya sharoitida iqtisodiyotni yuksaltirish, ijtimoiy ahvolni yaxshilash, eng muhimi, vaziyatni bir maromda ushlab turishning oʻzi boʻlmaydi. Shunday boʻlishiga qaramay, viloyatda ijobiy natijalar bor...

— Biz ayni paytda oʻz oldimizga muhtaram yurtboshimiz taʼkidlaganlaridek, odamlar ertaga emas, olis kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi kerakligi tamoyilini birinchi oʻringa qoʻyganmiz. Bugun xalqimizning tafakkuri ham, dunyoqarashi ham, talab va ehtiyojlari ham butunlay oʻzgargan. Odamlarimiz siyosiy jarayonlar, iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar shiddatida ancha toblangan, ular har qachongidan koʻra siyosiy, huquqiy jihatdan faol, oʻz fikrini bemalol ochiq aytib, kerak boʻlsa rahbarlarga, deputatlarimizga ham baho beradigan, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda bugungi kunning eng dolzarb muammolari yechimini topish masalasini koʻtaradigan darajaga yetgan. Bu, albatta endi odamlarni shunchaki quruq vaʼdalar bilan aldab boʻlmasligini, ularga amaliy ishlarimizni koʻrsatish vaqti kelganligini anglatib, oldimizga katta masʼuliyat va vazifalarni qoʻyadi. Oddiy misol, deputatlik faoliyatini olib koʻraylik. Oldingi deputatlar bilan bugungi kun deputatlarining oʻrtasida yer bilan osmoncha farq bor. Xalq oʻzlari saylagan vakillar ayni paytda mavjud vaziyatni tanqidiy tahlil qilgan holda, muammolar yechimi boʻyicha oʻz fikrlari va takliflarini dadil bildirishmoqda. Hududlarning muammolari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish talabi bilan yuboriladigan deputatlik soʻrovlari soni oshganligi, xususan, oʻtgan davr mobaynida birgina Andijon viloyatining oʻzida 198 ta deputatlik soʻrovlari kiritilib (164 tasi hal etilgan 34 tasi nazoratga olingan), ularda muhim tashabbuslar ilgari surilganligi, ular koʻplab dolzarb masalalar yechimiga xizmat qilganini taʼkidlash lozim, deb hisoblayman.

Lekin, tan olish kerak, xayrli amallarni bajarish bugungi vaziyatda oson boʻlmayapti. Koronavirus karantinidan bosqichma-bosqich chiqish jarayonida, viloyat iqtisodiyotini toʻliq yurgazib yuborish, aholi bandligi va daromadini taʼminlash, ehtiyojmandlarga yordam berish va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha yangicha yondashuvlarni talab etmoqda. Bu virusning davosini topish uchun hali koʻp vaqt kerakligini tushungan holda, pandemiya sharoitida yashash va ishlashni oʻrganmoqdamiz.

— Davlatimiz rahbari shu yilning 21-22-may kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar yuzasidan koʻrsatmalar berdi. Uning ijrosi haqida toʻxtalsangiz.

— Davlatimiz rahbari har gal Andijon viloyatiga tashrifi davomida aholining ijtimoiy holatini yaxshilashga eʼtibor qaratadi. Bu yilgi tashrif ham viloyatimiz ahli uchun barokatli boʻldi, desam yanglishmayman. Boisi, tashrif yakuniga doir 154 banddan iborat yigʻilish bayonida 257 ta topshiriqlar yuklatildi. Unda koʻzda tutilgan amaliy ishlar uchun 7,5 trln. soʻm, ijtimoiy soha obyektlari hamda kommunikatsiya tarmoqlari uchun 532 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi viloyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda respublikamizdagi eng muhim masalalardan biri aholining ehtiyojmand qatlamini kambagʻallik toifasidan chiqarib, ularni doimiy daromad manbaiga ega qilishdir. Viloyatda ham 882 ta mahallalardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi boʻlgan, yakka yolgʻiz, karantin davrida daromad manbaidan mahrum boʻlgan 
40 ming 725 ta oilalarda istiqomat qiluvchi 158 ming 126 nafar fuqarolar roʻyxati qayd etilgan. Ayni paytga qadar ularning 29,5 ming nafarining bandligi taʼminlandi. Joriy yilning 9 oyi davomida jami ish bilan taʼminlanganlar 36 ming 806 nafarga yetkaziladi. 4-chorak davomida “temir daftar”ga qayd etilgan oilalarning har birida 1 nafardan aholi ish bilan taʼminlanadi.

Muhtaram Prezidentimiz viloyatga tashrifi davomida kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha aholi xonadonlariga 70 ming bosh quyon, 20 ming bosh echki va 5 mln. bosh parranda tarqatish boʻyicha aniq vazifalar belgilab bergan edi. Buning uchun, joylarda tashabbuskorlar tomonidan jami 94 ta klasterlar tashkil etildi. Bu xalqimizga juda manzur boʻlmoqda. Boisi, ushbu tizimning afzallik jihatlari koʻp. Masalan, tovuq yoʻnalishini olaylik. Bunda xonadonlarga parranda yetkazib beruvchi tadbirkor aniq, parvarish qiluvchi aniq, boquvchi uchun talab etiladigan ozuqa yetkazib beruvchi ham aniq, eng asosiysi yetishtirilgan mahsulotni sotib oluvchi ham aniq! Aholi 1 oy davomida klaster tomonidan yetkazib berilgan yemini berib tursa boʻldi. Endi uning oila uchun foydasini hisoblab koʻraylik.

Bitta xonadonga 200 bosh parranda yetkazib berilmoqda. Ularning har biri 11 ming soʻmdan boʻlganda, jami 2 mln. 200 ming soʻmni tashkil etadi. Bir bosh parranda bir oy parvarishlanganda 2-2,5 kg.ga yetadi. Bu degani bitta xonadon bir oyda 500 kg. goʻsht yetkazib beradi, degani. Yetishtirilgan parranda goʻshtini klaster korxonasi tomonidan 17 ming soʻmdan sotib olinganda jami 8,5 mln. soʻm boʻladi. Qilingan xarajatlar 7 mln. 100 ming soʻmdan iborat ekanligini inobatga olsak, sof foyda 1 mln. 400 ming soʻmni tashkil etyapti. Umuman olganda, bitta xonadonga 200 bosh parranda, 10 bosh kuyon va 2 bosh echki berilsa, bir oyda oʻrtacha 3 mln. 400 ming soʻm sof foyda oladi. Bugungi sharoitda bu yaxshi daromad, deb bilaman.

— Eng muhimi, olib borilayotgan bu kabi xayri ishlardan xalqimiz minnatdor ekanligiga guvoh boʻlyapmiz. Shu oʻrinda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi haqida ham fikringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.

— Bu boradagi harakatlar viloyatimiz taraqqiyotining asosiy boʻgʻinini tashkil etadi. Shu bois sohaga oid harakatlarimiz kundan-kunga shakllanib bormoqda. Jumladan, 2020-yilning oʻzida 7 trln. soʻmlik, 774 ta loyihalar amalga oshirilishi hisobiga 42 mingta yangi ish oʻrinlari yaratilishi koʻzda tutilgan. Bugungacha 1,2 trln. soʻm qiymatdagi 254 ta loyiha ishga tushirilib, 9 ming 531 nafar yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Yil yakuniga qadar istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish orqali 4,1 trln. soʻmlik ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi, 120 mln. doll. eksport qilish imkoniyati, 420 mlrd. soʻmlik byudjetga sof tushumlar zahirasi va 35 xil turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilib, 64,8 mln. dollar import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyiladi. Kelgusi 2021-yilga loyihalar qiymatini 2020-yilga nisbatan qariyb 2 barobarga oshirish maqsadida hozirga qadar 13,6 trln. soʻmlik 167 ta loyihalar shakllantirildi.

— Bu kabi loyihalarni amalga oshirishda xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirishning ham ahamiyati katta boʻlsa kerak?

— Albatta! Shuning uchun masalaning bu jihatiga ham alohida eʼtibor qaratyapmiz. Jumladan, joriy yilda umumiy qiymati 410,7 mln. dollarlik 41 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Joriy yilning 5 oyida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish boʻyicha 65,7 mln. dollar prognoz belgilangan boʻlib, amalda 77,9 mln. dollarni tashkil etdi. Umuman olganda, yil davomida 310 mln. dollar qiymatidagi xorijiy investitsiyani oʻzlashtirish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda. Buning natijasida Baliqchi tumanidagi «Skorton tekstil» MCHJda 6 ming tonna kalava ip ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilib, 100 nafar yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Andijon shahridagi «Uraland» MCHJ tomonidan 8 mln. dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oʻzlashtirilishi hisobiga yiliga 450 ming metr neft quduqlari uchun quvurlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Bu esa 250 nafar fuqaroni ish bilan taʼminlash imkonini beradi. Istiqboli loyihalar Buloqboshi tumanidagi «Nektar Agro» MCHJ tomonidan 3,5 mln. dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oʻzlashtirilishi hisobiga yiliga 600 tonna pomidor va bodring mahsulotlari yetishtirishni yoʻlga qoʻyib, 25 nafar yangi ish oʻrinlari yaratilishiga zamin yaratadi. Bu kabi misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.

— Hududlardagi iqtisodiy taraqqiyot tabiiyki, eng avvalo, xalqimiz ijtimoiy turmushini shakllantirishga xizmat qiladi. Shu bilan bilan birga bu borada xizmat va serviz sohasining taraqqiyoti ham muhim ahamiyat kasb etadi.

— Albatta! Bu borada davlatimiz rahbarining alohida topshiriqlari ham bor. Unga koʻra viloyatdagi mavjud 882 ta mahallada xatlov oʻtkazdik. Natijada 41 ta yoʻnalishda 4 ming 885 ta subyektlarni tashkil etish zaruriyati mavjudligi aniqlandi. Bu borada 435 mlrd. 356 mln. soʻm qiymatidagi 1 ming 896 ta yangi loyihalar tanlab olindi. Ularning ijrosini taʼminlash doirasida 10 ming 525 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Bugungi kunda viloyatda 45 ta yoʻnalishda 17 ming 804 ta xizmat koʻrsatish shoxobchasi mavjud ekanligini inobatga olsak, bu boradagi ishlar koʻlami nechogʻli keng tus olishini tasavvur qilish qiyin emas.

— Suhbatimizdan koʻrinib turibdiki, viloyatda amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar sarhisobi haqida hali koʻp fikrlashish mumkin. Eng muhimi, bu xayrli ishlar zamirida xalqimiz manfaati mujassam. Shunday ekan, ezgu maqsadlardan tarkib topgan xayrli ishlar natijasi xalqimiz minnatdorligiga sabab boʻlishiga tilakdoshmiz! Suhbatingiz uchun tashakkur!

“Xalq soʻzi” gazetasi muxbiri 
Saminjon HUSANOV suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?