Andijon shahrida maktablarni taʼmirlashga 400 milliard soʻm yoʻnaltiriladi

11:35 05 Sentyabr 2019 Jamiyat
101 0

Andijon shahrining “Maʼrifat” koʻchasida yangi 52-umumtaʼlim maktabi foydalanishga topshirildi. 2 yil davomida qurib bitkazilgan ushbu maktab 7 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻ evaziga bunyod boʻldi. Uning ochilish marosimida soʻz olgan viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Furqatbek Buzrukovning maʼlum qilishicha, oʻtgan yili mavjud maktablarni taʼmirlash uchun 79,5 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻ yoʻnaltirilgan boʻlsa, bu yil 400 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi rejalashtirilgan. Shu kungacha oʻquv muassasalarida 340 milliard soʻmlik mablagʻ evaziga qayta qurish, taʼmirlash ishlari olib borildi. Jumladan, 100 ga yaqin maktabda taʼmirlash ishlari yoʻlga qoʻyilib, 200 dan ortiq maskanlarga isitish moslamalari oʻrnatildi.Shuningdek, 90 ta maktabning qoʻrgʻon devorlari koʻtarildi. Bu kabi ishlar yil oxiriga qadar davom etadi.

52-umumtaʼlim maktabida bugundan boshlab 480 nafar oʻquvchi tahsil ola boshladi.

Saminjon Husanov
(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?