Andijon hokimi Xonobodda majburiy mehnatsiz qurilayotganini aytgan dachalar tomonda ahvol qanday?

12:42 09 Avgust 2019 Jamiyat
290 0

Andijon viloyatidagi muxbirimiz Xonobod shahriga borib, u yerda dala hovlilar jadal surʼatlarda qurilayotgani haqida xabar berdi.

Qayd etish joiz, Xonobod 42 ming aholiga, 2300 gektar maydonga ega soʻlim maskan. Kurortga aylanishi uchun barcha salohiyatga ega. Oʻsimlik dunyosi yapon behisi, sarv, magnoliya, nastarin, totim, kreml archasi, eman, qayin, bagryanik, akas, qrim qayragʻochi kabi noyob vakillarga ega. Yaqinida Kampirravot suv ombori qad rostlagan. Fozilmon-ota maskani shifobaxsh bulogʻiyu asriy chinorlari bilan turistlar va mahalliy aholida oʻziga xos qiziqish uygʻotadi.

Oʻtgan yil iyul oyida ushbu joyda barpo etilgan 180 oʻrinli sanatoriy allaqachon eʼtiborga tushdi. U yerda dam olayotganlar ichida AQSH, Rossiya, Hindiston, Janubiy Koreya, Xitoy va boshqa mamlakatlar fuqarolari borligi ham fikrimizni tasdiqlaydi. Zero, kislorodga toʻyingan toza havo yurak-qon tomir kasalliklarini davolashda ayni muddao boʻlyapti.

Hududdagi “Istiqlol” mahallasining qariyb 30 gektar maydoni asosan aholi yashamaydigan va odamlar koʻchib bormagan adirlardan iborat. Andijonliklar oʻz uy-joylarini qurib olish, xordiq chiqarish va sogʻligʻini tiklab olish imkoniyatiga ega boʻlishlari uchun ularga shu joydan ikki sotixdan yer uchastkasi bepul berilyapti. Yaqin vaqt ichida obod boʻlguvchi bu qirlar minglab turistlarni oʻziga ohanraboday tortguvchi xushmanzara makonga aylanadi.

Allaqachon qurilish ishlari ham boshlab yuborilgan. “Oʻzavtoyoʻl” AJ mutaxassislari adirlar oʻrtasiga yoʻl solishdi. Elektr tarmoqlari korxonalari kerakli kommunikatsiyalarni tortishyapti. “Andijonsuvoqova” AJ ichimlik suvi uchun ikkita katta rezervuar(suyuqlik yoki gaz saqlanadigan katta idish) olib keldi. Yaqin orada lotoklar yotqiziladi. Ikkita shtab ushbu masalani tezkorlik bilan hal etyapti. Tibbiyot punkti ishlab turibdi. Mutaxassislar uchun chodirli shaharcha barpo qilingan.

Obyektlarda bir yarim ming kishi mehnat qilmoqda. Uch mahal bepul ovqat tashkil etilgan. Oʻnlab texnika vositalari xizmatda. Ilk dachalar binolari bunyod etilib, ularning tomlari yopilayotir.

Xonobodga xorijlik, xususan, ozarbayjonlik investorlar qiziqishi ortib borayotgani ham eʼtiborga loyiq. Xususan, oʻzaro tuzilgan “Andijon STS” qoʻshma korxonasi nemis texnologiyasi asosida 85 gektarlik maydonda 1200 ta davla hovlini qurishga kirishdi. Bunday dachalarning har biri uch sotixdan iborat.

Quruvchilar ishlarni 1-sentyabrgacha yakunlamoqchi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?