“Andijon” futbolchisi Farhod Bekmurodovga “Gentra” avtomashinasi sovgʻa qilindi

12:37 19 Aprel 2019 Sport
321 0

Fotо: Tribuna.uz

“Xalq soʻzi ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Andijon shahridagi “Sogʻlom avlod” sport oʻyingohi 17 milliard soʻm mablagʻ evaziga qayta taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi. U 2003 yilda bunyod etilgan boʻlib, 16 yildan buyon biror marta ham taʼmirlanmagan edi. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan bu yerda superliga talablari inobatga olingan holda barcha qulayliklar yaratildi. Futbol maydonidagi chim, oʻrindiqlar almashtirildi. Tablo va yoritkichlar yangilanib, elektron shakldagi reklama jihozlari oʻrnatildi. Bu yerdagi tadbirlarni kuzatish va ommaga oʻz vaqtida, sifatli yetkazish maqsadida jurnalistlar uchun alohida xonalar tashkil etildi. Stadionda olib borilgan keng miqyosdagi ishlar natijasida uning sigʻimi 20 mingtaga yetkazildi.

Oʻyingohning ochilish marosimida Milliy Olimpiya qoʻmitasi рrezidenti Umid Ahmadjonov va viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovlar soʻz olib, barchani yangi maskan bilan qutladilar.17 ming tomoshabin yigʻilgan ushbu tadbir haqiqiy bayramga aylanib ketdi. Ayniqsa, respublikamizning taniqli qoʻshiqchilari, juladan, Rayhon, Jahongir Poziljonov, Munisa Rizayeva, Jasur Umirov kabilarning chiqishlari barchaga manzur boʻldi.

Shundan soʻng oʻyingohda Oʻzbekiston superligasi 5-turidan joy olgan “Andijon” va “Nasaf” (Qarshi) jamoalarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unga FIFA referisi Ravshan Ermatov hakamlik qildi. Murosasiz kechgan jangda andijonlik futbolchilar 3:1 hisobida gʻalaba qozonishdi.

Uchrashuv nihoyasida viloyat hokimi eng yaxshi futbolchiga atalgan sovgʻa – “Jentra” avtomobilini “Andijon” yarim himoyachisi Farhod Bekmurodovga topshirdi, qolgan vakillarimizga 10 million soʻmdan pul mukofoti berildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?