“Andijon-farm” EIZ nega tashkil etilmoqda?

21:28 17 Yanvar 2019 Iqtisodiyot
438 0

Illyustrativ foto

Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Andijon-farm” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmonni nafaqat vodiy, balki butun mamlakatimiz ahli, ayniqsa, biz kabi soha mutaxassislari katta xursandchilik bilan kutib olishdi.

Zero, mazkur tarixiy hujjat hududda uchraydigan dorivor oʻsimliklar, bebaho minerallardan oqilona foydalanish, ulardan nafaqat ichki bozor uchun maqbul boʻlgan, balki eksportbop mahsulotlar yetishtirishda ulkan imkoniyatlar ochib beradi. Aynan shu yoʻnalishdagi yutuqlari bilan dunyoda tan olingan Hindistondan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar faol jalb etilishi esa bu boradagi loyihalar, shubhasiz, roʻyobga chiqarilishini anglatadi. Yurtboshimizning ushbu davlatga tashrifi bu yoʻldagi intilishlarga qoʻshimcha madad va ragʻbat beradi.

Nega shu kabi erkin iqtisodiy zonalardan biriga manzil sifatida aynan Andijon tanlandi? Sababi barchamizga maʼlum — ushbu zamin ham nabotot olami, tabiiy zaxira neʼmatlariga boy. Qolaversa, u yerda ishlayman degan mutaxassislar ham yetarli. Qarang, bir hujjat bilan biri-biriga klasterdek chambarchas bogʻlangan toʻrtta masalaga aniq yechim berilmoqda.

Birinchidan, xom ashyoni samarali qayta ishlash uchun zamonaviy baza yaratilib, viloyatning xalqaro imiji oshiriladi. Ikkinchidan, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega, sifatli, ekologik jihatdan toza tovarlar tayyorlanadi. Uchinchidan, yangi ish oʻrinlari yaratiladi, ishsizlar soni kamayadi. Toʻrtinchidan, xalq tabobati va zamonaviy tibbiyot uygʻunlashadi, shu asosda inson salomatligini mustahkamlash, jamiyatda sogʻlom turmush tarzini chuqur qaror toptirish uchun yana bir tayanch zona vujudga keladi.

Bizningcha, aynan mana shunday ijtimoiy-iqtisodiy omillar “Andijon-farm” EIZ yaratilishiga asos boʻlgan.

Sizga bir oddiy faktni aytaman: odam organizmi 92 ta kimyoviy elementdan hosil boʻlguvchi minglab birikmalardan tarkib topgan. Har bir unsurga maʼlum bir vazifa yuklatilgan. Zamonaviy tibbiyotning aniqlashicha, masalan, organizmda litiy elementining kamayishi xotira va koʻrish qobiliyatining susayishi, erkaklarda prostatit, ayollarda mioma xastaliklarini keltirib chiqaradi. Vaholonki, dunyoda tarkibida litiy saqlaydigan dorivor mahsulotlar juda kam.

Illyustrativ foto.

Biz Oʻzbekistonda oʻsadigan deyarli barcha oʻsimliklar mevalari, barglari, ildizlari va boshqa qismlarining kimyoviy tarkibini tekshirib chiqdik. Shu orqali qariyb barcha meva-sabzavotda litiy borligi, lekin u juda kamligini aniqladik. Ammo qatʼiy intilishlarimiz tufayli bunday tanqislikni toʻldirishning yoʻli topildi. Tadqiqotlarimiz davomida oʻzida eng koʻp litiy saqlaydigan mahsulot qizil va sariq piyoz ekanligi isbotlandi.

Illyustrativ foto.

Binobarin, har kuni ovqatdan keyin tuxumdan kichik boʻlgan, bugʻda pishirilgan ana shunday neʼmatdan uch-toʻrt donadan tanovul qilib turishni xalq tabobati tavsiya etadi. Pirovardida olti oyda xotira va koʻrish tiklanadi, shamollashlar yoʻqoladi.

Andijonda nima koʻp, piyoz koʻp. U yerda faoliyat boshlaydigan yangi erkin iqtisodiy zonada esa oʻzimizda mavjud boʻlgan mana shunday arzon neʼmatlardan ham qimmatbaho, ham nihoyatda foydali mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Yaqinda yana bir yangilikka qoʻl urildi. Serquyosh diyorimizda oʻsadigan nok, behi, olma, oshqovoq, sarimsoqpiyoz, kunjut va anordan tarkib topgan hamda odamning tabiiy quvvatini oshiradigan yangi oziq-ovqat qoʻshilmasi ixtiro qilindi. Ayni paytda “Tabiiy quvvat” nomi bilan yangi patent loyihasini ham tayyorlab qoʻydik.

Bundan tashqari, oʻzimiz yaratgan “Astosh”, “Ayritosh”, “Askalsiy”, “Shifoiy Marhaboxon” nomli oziq-ovqat qoʻshilmalariga Intellektual mulk agentligi tomonidan tovar belgisi berildi. Mazkur mahsulotlar buyrak hamda siydik yoʻlidagi toshlarni eritish, immunitetni oshirish xususiyatiga ega.

Tarvuz urugʻi va poʻchogʻidan ham ana shunday vositalar yaratilgan. Xoʻsh, bularning barchasini sanoatga tatbiq etish nima beradi? Eng muhimini aytaman: ushbu poliz ekinidan qoladigan qoldiq hamda chiqindilardan buyrak, oʻt qopi va siydik yoʻllaridagi toshlarni erituvchi nihoyatda shifobaxsh mahsulot tayyorlanadi. Yaʼni tashlab yuboriladigan narsadan valyuta olib keladigan tovar paydo boʻlyapti. Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin. Biroq ularni amalga oshirish shu paytgacha muammo boʻlgan, koʻpi qogʻozlarda qolib ketayotgan edi.

Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan mazkur dolzarb hujjat esa ilm-fan, tabobat jabhasi vakillarining bu yoʻldagi ezgu orzularini amalga oshirib beradi. Zaminimizda unib-oʻsadigan, salomatlikka koni foyda-yu, ammo baʼzi paytlari isrofu xor boʻlayotgan mevalar, sabzavotlar, xullas, tabiiy neʼmatlarga qayta jon bagʻishlaydi, ularning nafaqat mahalliy, balki tashqi bozorlardagi qadr-qimmatini keskin yuksaltiradi.

Ibrohim ASQAROV, kimyo fanlari doktori, professor,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan ixtirochi,

Oʻzbekiston Tabobat Akademiyasi raisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?