Andijon davlat universitetida Yevropa ittifoqining “Erasmus+” dasturi bilan hamkorlikda yangi zamonaviy laboratoriya ochildi

23:39 22 Yanvar 2019 Jamiyat
784 0

Andijon davlat universitetida Yevropa ittifoqi “Erasmus+” dasturining “RENES: Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof-muhit” mutaxassisligi boʻyicha magistrlar dasturini rivojlantirish”ga bagʻishlangan qoʻshma loyihasi (RENES) doirasida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari laboratoriyasi ochildi. Bu haqda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Matbuot xizmati vakili Bahriddin Shayvaliyev maʼlum qildi.

Laboratoriyaga Germaniya, Italiya, Ispaniya hamda boshqa rivojlangan davlatlarda ishlab chiqarilgan, qiymati 42,7 ming yevrolik 30 turdagi laboratoriya jihozi oʻrnatildi. Loyiha bosh muvofiqlashtiruvchisi etib LʻAkuila universiteti (Italiya) professori Anna Tossi hamda milliy koordinator sifatida universitet professori Rayimjon Aliyev tayinlandi.

Laboratoriya Yevropaning 600 dan ziyod nufuzli universitetlari onlayn tarzda ulangan Oksford universitetining Rezerford laboratoriyasi mikroelektronika va nanoelektronika qoʻllab-quvvatlash markazining europractic tizimiga ulangan. Andijon davlat universiteti Urganch davlat universitetidan soʻng yurtimizda mazkur tizimga onlayn ulangan ikkinchi oliy taʼlim muassasasiga aylandi.

Loyiha doirasida universitetda 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof-muhit” mutaxassisligi boʻyicha magistrlar tayyorlanmoqda. Ular uchun Yevropa standartlari asosida 12 ta oʻquv dasturi ishlab chiqildi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari laboratoriyasining ochilishiga bagʻishlangan tadbirda Sankt-Peterburg politexnika universiteti, Oʻsh davlat universitetining bir guruh professor-oʻqituvchilari hamda mahalliy olimlar, talabalar qatnashdi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Yevropa ittifoqining “Erasmus+” dasturi hamkorligidagi mazkur loyiha doirasida kelgusida Guliston va Qarshi davlat universitetlari, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi institutida ham ana shunday laboratoriyalarni yaratish koʻzda tutilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?