Andijonda chiqindilarni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan korxona ish boshladi

11:47 06 Sentyabr 2018 Iqtisodiyot
578 0
Foto: Xursandbek Arabboyev.

Saminjon Husanov, “Xalq soʻzi online”/Andijon. Andijon viloyatida chiqindini qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan korxona faoliyat boshladi. Buloqboshi tumani Kulla mahalla fuqarolar yigʻini hududida ish boshlagan “Eco clean trans” masʼuliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish uchun 7 million AQSH dollari miqdoridagi sarmoya yoʻnaltirildi.

Foto: Xursandbek Arabboyev.

Korxonaga chiqindilarni qayta ishlashga moʻljallangan 12 turdagi zamonaviy dastgohlar oʻrnatilgan. Ular yordamida har qanday turdagi mahsulot chiqindilari qayta ishlanib, ekologik jihatdan toza boʻlgan salfetka, rezina granulalari, shlakoblok kabi tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Foto: Xursandbek Arabboyev.

“Korxonamiz tasarrufida 48 ta yirik maxsus avtotransport vositasi va 15 ta kichik hajmdagi mobil transport mavjud. Ayni paytda tajriba tariqasida Andijon shahridagi chiqindilarni qayta ishlash bilan mashgʻulmiz. Kelgusida viloyatning har bir shahar va tumanlarini qamrab olishni rejalashtirganmiz. Buning uchun yil oxiriga qadar hududlarda 15 ta qabul qilish shoxobchalari tashkil etiladi. Korxonamizda aholi daromadini oshirish ham koʻzda tutilgan. Yaʼni, aholi tomonidan olib kelingan chiqindilarni sotib olishni yoʻlga qoʻydik, - deydi korxona rahbari Sardorbek Tojimahmudov.

Foto: Xursandbek Arabboyev.

Bu yerga keltirilgan xom ashyoning 80 foizi qayta ishlanib, qolgan 20 foizidan yoqilgʻi sifatida foydalanish — gaz va elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Birgina Andijon shahrining oʻzida kuniga 500 tonna maishiy chiqindi hosil boʻlishini inobatga olsak ushbu loyiha nafaqat viloyat iqtisodiyotini yuksaltirishga, balki ekologiya barqarorligini taʼminlashga ham xizmat qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?