ANKOR xoldingi O‘zbekistonda o‘zining rasmiy vakolatxonasini ochadi

12:51 14 Iyul 2018 Iqtisodiyot
927 0

MDH mintaqasida kadrlar industriyasi bo‘yicha yetakchilardan biri bo‘lgan ANKOR xoldingi O‘zbekistonda o‘zining rasmiy vakolatxonasini ochayapti. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Bu ANKORning Markaziy Osiyoda biznesni rivojlantirish bo‘yicha o‘n yillik faoliyatining mantiqiy davomiga aylanadi. Mijozlarga rekrutment, staffing, autsorsing, konsalting kabi barcha yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatiladi.

“Toshkentda vakolatxonaning ochilishi – ANKOR tarixidagi muhim qadamdir. O‘zbekiston jadal rivojlanayapti va salmoqli kadrlar salohiyatiga ega. Bu esa ko‘plab xorij kompaniyalarini o‘ziga jalb etadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2018 yilning birinchi yarmida xorij investitsiyasi ishtirokida 700dan ortiq korxona ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Biznesda yangi imkoniyatlar bilan bir qatorda yangi ehtiyojlar ham paydo bo‘layotir. Binobarin, maqsadli loyihalarni amalga oshira oladigan mutaxassislarni qisqa vaqt ichida topishga to‘g‘ri keladi. Ko‘p yillik tajriba va chuqur ekspertiza esa ANKORni O‘zbekistonda ishlayotgan kompaniyalarning ishonchli sherigiga aylanishiga imkoniyat yaratadi”, - deydi xolding bosh direktori Sergey Salikov.

Yana bir bor eslatib o‘tamiz, ANKORga 1990 yilda asos solingan bo‘lib, u MDH kadrlar bozorida peshqadamlardan biri hisoblanadi. Kompaniya ma’muriy binolari Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Belarusda joylashgan bo‘lib, 40 dan ortiq shaharlarda ofislari va vakolatxonalarining keng tarmog‘i faoliyat yuritadi. Global bozorda u mashhur Randstand xoldingi bilan hamkorlik qilib keladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?