Anʼanaviy supermarketlarda meva-sabzavot mahsulotlari savdosi nega tushib ketmoqda?

19:57 26 Oktyabr 2018 Dunyo
777 0

AQSH supermarketlarida meva-sabzavot mahsulotlari savdosi tushib bormoqda. Aksincha, onlayn doʻkonlarda bu borada keskin oʻsish kuzatilyapti. Bu haqda ekspert fikriga asoslanib EastFruit portali xabar berdi.

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti investitsiya markazi iqtisodchisi Andrey Yarmakning sohadagi eng yirik voqealardan biri Fresh Summit yakunlaridan kelib chiqib aytishicha, bugun isteʼmolchilarda oziq-ovqat mahsulotlarini qachon va qanday qilib sotib olish boʻyicha imkoniyatlari sezilarli darajada kengaygan. AQSHda anʼanaviy bozor iqtisodchilarini bu borada tashvishga solayotgan asosiy nom — Amazon kompaniyasi boʻlib qolmoqda. Gap shundaki, dunyoga mashhur onlayn savdo platformasi bir necha yil oldin katta foyda olayotgan Whole Foods anʼanaviy supermarketlar tarmogʻini sotib olgandi. Endi esa anʼanaviy doʻkonlarning bozordagi ulushlarini olib qoʻyib, ularni ushbu biznesdan siqib chiqarayotir.

“Amazon — bu innovatsiyalarning bitmas-tuganmas manbai. Mana masalan, robotlashtirilgan omborlar juda qisqa vaqt ichida ixtiyori buyurtmani shakllantira oladi. Amazon Prime Now esa ayni paytda mahsulotlar buyurtmalarini yigʻmoqda va ularni uyingizga, hatto konservator hamda sokin Rimda boʻlsa ham, ikki soatda yetkazib berilishini taʼminlamoqda! Koʻpincha bu ikki soatga ham yetmaydi. AQSHda esa bunday xizmatlarga odamlar allaqachon koʻnikib boʻldi”, - deydi Yarmak.

Aytgancha, Amazon oʻzining Amazon Go supermarketlarini ochishni boshlayotganda, koʻpchilik hayron qolgandi. Amazon esa bu “supermarket” emasligini tasdiqlamoqda. Sababi mazkur doʻkonlarda barcha jarayonlar toʻliq avtomatlashtirilgan. Xaridorlar u yerga kirishdan oldin identifikatsiyadan oʻtadi. Ular istalgan tovarni rastadan olar ekan, mahsulot smartfonga oʻrnatilgan Amazon Go dasturidagi virtual savatchada paydo boʻladi. Umuman, bunday maskanda yaqin orada chakana savdoda standartga aylanishi mumkin boʻlgan katta miqdordagi innovatsiyalarni uchratish mumkin.

Xitoyda esa hech qanday xodim ishlamaydigan toʻliq avtomatlashtirilgan supermarketlar ochilmoqda. Ularda toʻlov karta orqali ham va hatto telefon orqali ham amalga oshirilmaydi. U yerga kirgan inson yuzi kamera orqali skanerdan oʻtkazilib, identifikatsiya qilinadi, xarid qilingan mahsulotning shu yoʻl bilan skanerlangan narxi esa mijozning hisob raqamidan yechib olinadi.

“Xitoyda oʻtgan yilda onlayn savdo hajmi 52 foiz oʻsdi. Shunday qilib Xitoy elektron tijorat boʻyicha dunyoda yetakchilik qilmoqda. Boshqa davlatlarda ham elektron tijorat tez surʼatlarda oʻsmoqda. Buni inkor etib boʻlmaydi”, - dedi ekspert.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?