Amudaryo qamishidan eksportbop qurilish materiali ishlab chiqarilmoqda

17:30 24 May 2018 Iqtisodiyot
343 0

Surxondaryo viloyatidagi “Surxon KSP Grant” mas’uliyati cheklangan jamiyatida DSP mahsulotlarini ishlab chiqarishda xomashyo sifatida Amudaryo bo‘yida tabiiy holda o‘suvchi qamish o‘simligidan foydalanilib kelinmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, korxona 2017 yilning iyulidan boshlab o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Bu yerda 250dan ziyod ish o‘rni yaratilishi qatorida 2000 dan ziyod odam mavsumiy (kuz-qish mavsumi) ishga jalb qilingan.

Mazkur MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilganda, uning namlikka chidamlilik darajasi Rossiyada tayyorlanadigan muqobilidan 30 foiz yuqori ekanligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur qurilish materiali ham ichki, ham tashqi bozor uchun mo‘ljallangan. Xususan, Afg‘oniston hamda Tojikiston mamlakatlarining har biri bilan eksport bo‘yicha 2 mln. dollarlik shartnomalar imzolanishiga erishildi.

Korxona vakili Chori Quvvatovning ta’kidlashicha, Amudaryo suv havzasi bo‘ylarida juda ko‘p miqdorda qarovsiz holatdagi qamish o‘simligi bor va ayni paytda ularning 10 foiziga yaqini mavsumiy jalb etilgan ishchilar tomonidan o‘rib olinib, DSP mahsuloti ishlab chiqarish uchun xom-ashyo sifatida korxonaga olib kelingan. Qolgan qismi ham tez orada o‘zlashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi bergan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, chet eldan, xususan, Rossiya, Ukraina, Xitoydan so‘nggi 1 yilda taxminan 100 million AQSh dollari miqdoridagi 500 000 kub metr yog‘och-payraxali plita fanerlari (DSP) O‘zbekiston bozoriga import qilingan. O‘zbekistonda esa mahalliy tarzda ishlab chiqarilayotgan shu turdagi mahsulotlar esa ichki ehtiyojning atigi 8 foizini qondirmoqda, xolos.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?